28

Qashqadaryoda 18 yoshli juvon uyidan osilgan holda topildi. Marhumaning onasi qizining o`limida kuyovini ayblamoqda

Jamiyat 02.07.2020, 10:36
2388
Qashqadaryoda 18 yoshli juvon uyidan osilgan holda topildi. Marhumaning onasi qizining o`limida kuyovini ayblamoqda

Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida 18 yoshli juvon yashash uyidan osilgan holda topildi. Marhumaning onasi Muhabbat Nurimova qizining o`limida kuyovining qo`li borligini aytmoqda. Daryo muxbiri Otabek Qo`ldoshev fuqaro murojaatiga ko`ra, voqea tafsilotlarini o`rgandi.

«2020 yil 9 may kuni ertalab soat 10:00 da kuyovim bizga qo`ng`iroq qilmay, qo`shnimizga qo`ng`iroq qilgan va bizni so`ragan. Telefonni olib gaplashsam, qizim o`zini osib qo`yganini, uydan chiqqaniga o`n daqiqa bo`lganda shu voqea sodir bo`lganini aytdi. Qizim va kuyovim yashaydigan uyini bilmaganim sabab manzilni so`radim va voqea joyiga etib bordim», — deydi Muhabbat Nurimova.

Muhabbat Nurimovaning aytishicha, u o`sha kuni qizi va kuyovi bergan manzilda yashamaganligini bilgan.

«Kuyovim menga boshqa manzilda yashayotganliklarini aytgandi. Ammo o`sha shum xabarni eshitganimda ular boshqa manzilda yashaganligini bildim va voqea joyiga etib bordim. Borganimda qizimning jasadi sovib ulgurgan ekan. Ko`zlari bo`rtib chiqqan, ko`karib ketgandi», — deydi marhumaning onasi.

«Nabiram haqidagi xabarni eshitgach, aytilgan manzilga bordik. Borganimizda IIB xodimlari va qo`shnilari bor ekan. Nabirangiz shu bilan o`zini osgan, deya bir sharfni ko`rsatishdi. Sharf ikki qarich ham chiqmasdi. Qolaversa, juda yumshoq ekan. Bu yumshoq sharf odamni bo`g`ib, o`ldirishiga ishonmasligimni aytdim. Shuningdek, nabiramning bo`yi uzun edi. O`zini osgani aytilgan eshikka bo`yi etardi. O`zini osgan odam jon talvasasida harakatlanadi va oyoq kiyimi har tomonga otilib ketadi. Ajablanarlisi, nabiramning oyoq kiyimi esa chiroyli qilib, taxlab qo`yilgandi. Shuningdek, o`zini osgani aytilgan eshik oynali bo`lsa-da, unga zarar etmagan», — deydi marhumaning buvisi Mavjuda Rahmatova.

 

Marhumaning onasi Muhabbat Nurimovaning aytishicha, Koson tumanida yashovchi kuyovi Sh.G`. qizining nomusiga teggani uchun unga turmushga berishga majbur bo`lgan.

«2020 yilning 25 yanvar kuni biz bilan bozorda savdo qiluvchi kosonlik Sh.G`. qizimni ‘uyingga olib borib qo`yaman’ deb aldab, qurilishi bitmagan eski joyga olib borgan va qizimning nomusiga teggan. O`sha payt IIBga murojaat qilib, holat haqida bildirmoqchi bo`lganimizda ‘meni sharmanda qilmang, to`rt nafar farzandim bor’ degandi. Aybini yuvish uchun qizimga uylanishini aytib yalingandi. Har ikki tomon ham gap-so`zga qolmaylik, deb qizimni unga bergandim», — deydi Muhabbat Nurimova.

Muhabbat Nurimovaning aytishicha, Sh.G`. aybini yuvish uchun uydagilari va turmush o`rtog`ini rozi qilib, qarindoshlari Bahodir va Marhabo ismli er-xotinni sovchilikka yuborgan. 2020 yil 3 mart kuni esa Mohinur Jo`raevaga uylanib, Qarshi shahridagi ko`p qavatli uyiga olib ketayotganini bildirgan.

 

«Sh.G`. sovchi yuborib, qizimni shar`iy nikohiga olganidan so`ng ‘Qarshida uyim bor. O`sha erga olib ketyapman’ dedi. Karantin boshlanib qolgach esa ‘Qarshiga borib-kelish qiyin bo`lyapti, qizingiz och qolib ketyapti’ deb qizimni Kosonga — turmush o`rtog`i va bolalarining oldiga olib keldi. Hali turmush qurganiga bir oy ham bo`lmagan qizimni Sh.G`.ning xotini haqoratlab, ko`ch-ko`ronini ko`chaga uloqtirgan va uydan haydab chiqargan», — deydi Muhabbat Nurimova.

Marhuma yaqinlarining ta`kidlashicha, bu kabi mojarolar aprel oyi davomida bir necha marotaba sodir bo`lgan.

«Bu kabi holatlar davom etavergach, kuyovim qizimni tuman markazidagi ‘dom’ga ko`chirdi. Qizimni o`sha erda ham tinch qo`yishmadi. Baqir-chaqir, urush-janjal davom etgach, qizimni uyimga olib keldim va u men bilan 4 maygacha birga yashadi. O`sha kuni kuyovim qizimga telefon qilib, yangi uy sotib olganini aytgan va uni olib ketdi», — deydi marhumaning onasi.

Muhabbat Nurimovaning bildirishicha, qizi 4 may kuni kuyovi bilan chiqib ketib, kayfiyati yomon holatda qaytgan.

«Qizim o`sha kuni menga nimadir demoqchi bo`ldi, ammo aytolmadi. ‘Aytsam, musulmonchilikka to`g`ri kelmaydi’ dedi, lekin aytmadi. Gapining oxirida ‘qaytay, hammasini aytaman, ammo kuyovingiz bilmasin’ dedi. Nimani aytmoqchi bo`ldi, nega bunday dedi, bilolmay qoldim», — deydi onaizor.

Ma`lumot berilishicha, marhuma Mohinur Jo`raeva 4 may kuni turmush o`rtog`i Sh.G`. bilan ketgan va ona uyiga qaytib kelmagan.

«7 may kuni qizimning tug`ilgan kuni edi. 18 yoshga to`lgandi. Ammo o`sha kun ham kuyovim bizni gaplashtirmadi. Faqat esdalikka qoladi, deya qizim tushgan videoni jo`natdi. Shu-shu 9 may kuni qizimning o`z joniga qasd qilganini aytishdi. Nima qilgan bo`lsa ham kuyovim qilgan. Qizimning 18 yoshga to`lishini kutgan va undan qutulgan. Buni oxirgi paytlarda biz bilan umuman gaplashtirmay qo`yganidan ham bilsa bo`lardi», — deydi marhumaning onasi Muhabbat Nurimova.

Muhabbat Nurimovaning aytishicha, mazkur voqea sodir bo`lganiga salkam ikki oy vaqt o`tgan bo`lsa-da, tuman prokuraturasi tergovchisi Hasan Qurbonovning ish bilan shug`ullanishi juda sust.

«Bosh prokuror o`rinbosarining viloyatdagi qabuliga borib, bu haqda shikoyat qilganimdan so`nggina ishga kirishishdi, — deydi Muhabbat Nurimova. — ‘Nega buncha ishlaringiz sust, surishtirmayapsizlar, qizimning o`limiga sababchi bo`lgan kuyovim haliyam bemalol yuribdi-ku’ desam, tergovchilar bir-biriga qarab kulishib ‘nega ishga kirishmayapsiz, kimdir kelib so`rab turishi kerakmi?’ deb kalaka qilishadi.

Qashqadaryo viloyat prokuraturasi bergan ma`lumotga ko`ra, 2020 yil 9 may kuni Koson tumani «Boyg`undi» mahallasi Islom Karimov ko`chasi 26-uyda yashab kelgan 2002 yilda tug`ilgan Mohinur Jo`raeva yashash uyining mehmonxonasi eshigiga osilgan holda vafot etgan.

«O`tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida marhuma Mohinur Jo`raevaning qarindoshlari uning turmush o`rtog`i bilan o`rtalarida doimiy ravishda urush-janjal bo`lib kelganligini bayon qilgan. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasida marhumaning o`limiga bo`yin a`zolari siqilishidan yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sabab qilib ko`rsatilgan», — deyiladi viloyat prokuraturasi xabarida.

Sud-ekspertiza xulosasida aytilishicha, marhumaning o`limi osilgan holda topilishidan uch-to`rt soat oldin ro`y bergan. Murdadagi o`zgarishlar — mushak qotishi, murda dog`lari va murda sovishi shunday xulosaga sabab bo`lgan. Holbuki, Muhabbat Nurimovaning aytishicha, kuyovi unga uydan chiqib ketganiga o`n daqiqa o`tar-o`tmas qizi o`zini osib qo`yganini bildirgan.

Sud-ekspertiza, shuningdek, marhumaning tanasida o`limidan oldin jarohatlar bo`lganligini ham ma`lum qilgan. Ta`kidlanishicha, bu jarohatlar marhuma o`limidan ikki-uch kun oldin orttirilgan.

 

«Marhumaning tana jarohatlari — o`ng elka sohasidagi qontalash va shilinmasi, chap oldi ko`krak sohasida va chap elkadagi qontalashi, chap tizza oldi sohasidagi qontalashi, chap orqa qismidagi qontalash ko`rinishidagi jarohatlari biror-bir o`tmas jism ta`sirida hosil bo`lishi mumkin. Jarohat etkazilgan muddat marhuma o`limidan ikki-uch sutka oldin bo`lishi mumkin», — deyiladi Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi viloyat filiali mutaxassislari bergan xulosada.

Aniqlik kiritilishicha, hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi (Shaxsni qo`rqitish, unga rahmsiz muomala qilish yoki uning sha`ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish natijasida uni o`zini o`zi o`ldirish darajasiga yoki o`zini o`zi o`ldirishiga suiqasd qilish darajasiga etkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan va Koson tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Шарҳлар