my5
all

AQSh polisiyasi qora tanli fuqarosini odamlar ko`z oldida o`ldirib qo`ydi. AQSh irqchilikka qarshi namoyishlar alangasida qolmoqda (video, foto)

Dunyo 31.05.2020, 12:03
1929
AQSh polisiyasi qora tanli fuqarosini odamlar ko`z oldida o`ldirib qo`ydi. AQSh irqchilikka qarshi namoyishlar alangasida qolmoqda (video, foto)

Bugun AQShda koronavirus bilan bog`liq aholini vahima soluvchi xabarlar ortda qoldi. AQSh  norozilik namoyishlari bilan to`lib toshgan. AQShning Minneapolis shahrida polisiya tomonidan qo`lga olingan qora tanli Jorj Floydning o`limi tufayli kelib chiqqan aholi noroziligi AQShning ko`plab yirik shaharlariga tarqaldi. 

Amerikaliklar nimadan norozi? Jorj Floyd qanday halok bo`ldi?

25 may kuni soxta 10 dollar bilan to`lov qilishga urinishi holati bo`yicha qilingan chaqiruv bo`yicha voqea joyiga etib kelgan polisiyachilar gumonlanuvchi 46 yoshli qora tanli qorovul Jorj Floydni qo`liga kishan taqib, polisiya mashinasi tomon olib kelishgan. 

Videodagi voqeada oq tanli polisiyachi mashina oldida afroamerikalikni asfaltga yotqizib, tizzasi bilan uning bo`ynidan bosib turganini ko`rish mumkin.

Atrofda odamlar to`plana boshlaydi va polisiyachini Floydni bo`g`ishni to`xtatib, uning yurak urishini tekshirib ko`rishga chaqirishadi.

Floyd bir necha marta «Men bo`g`ilib qoldim! Bo`g`ilib qoldim!» deya takrorlaydi va o`zini o`ldirmaslikni so`raydi. U nafas olish uchun o`rnidan ko`tarilishga urinadi, ammo polisiyachi bunga yo`l qo`ymaydi.

Polisiyaning bildirishicha, Floydni qo`lga olmoqchi bo`lishganida qarshilik ko`rsatgan. Shundan so`ng polisiya uni tutib, erga yotqizgan va tizzasi bilan bo`ynini bosgan. Amma videolarda Floydning polisiyaga qarshilik ko`rsatmaganligini ko`rish mumkin.

Guvohlarning so`zlariga ko`ra, Floydning burnidan qon oqa boshlaydi, yig`ilganlar uni qo`yib yuborishni so`rashadi va unda hayot alomatlari to`xtaganini aytishadi. Hibsga olingan shaxsga zudlik bilan yordam ko`rsatish kerakligi haqidagi chaqiriqlarga qaramasdan, polisiyachi oyog`ini uning bo`ynidan olmaydi. Bir necha daqiqadan keyin tez tibbiy yordam xodimlari etib kelishadi, hushsiz holatdagi Floyd zambilga solinib, shifoxonaga olib ketiladi, ammo u erda uning o`limi qayd etiladi.

Ma`lum qilinishicha, 4 kundan so`ng Floyd o`limiga sababchi polisiyachi norozilik namoyishlaridan so`ng xibsga olingan. Ungacha polisiya va prokuratura organlari polisiyachini ayblamaslikni so`rab, «bosdi-bosdi» qilishga urinishgan. 

Bu xaritada So`nggi kunlarda AQShning ayrim shaharlarida aholi bilan polisiya o`rtasida kuzatilgan ziddiyat va to`qnashuvlar sodir bo`layotgan hududlarni ko`rishingiz mumkin. 

 

Шарҳлар