my5
all

Xitoydan qotil qovog`arilar chiqqani rostmi? U qanday hasharot?

Jamiyat 25.05.2020, 09:07
3380
Xitoydan qotil qovog`arilar chiqqani rostmi? U qanday hasharot?

Ijtimoiy tarmoqlarda Xitoyda qotil qovog`arilar chiqqani haqidagi videolar keng tarqaldi. Bunga Xitoyda tadqiqot olib borayotgan biolog Baxtiyor Sheraliev izoh berdi. Quyida shu bilan tanishib chiqishingiz mumkin:

Ushbu savol so`nggi kunlarda menga juda-juda ko`p yuborilmoqda. Bu ari yoki qovog`ari Xitoydan tarqalgani iddao qilinmoqda va uni koronavirusdan ham xavfli deyishmoqda. Xo`sh, aslida bu qanday hasharot va u nega endi kun tartibiga chiqib qoldi?

Bu o`zi qanday hasharot?

Ijtimoiy tarmoqlarda vahimasi tarqalayotgan videolarda katta ehtimollik bilan Osiyo gigant qovog`arisi (Vespa mandarinia) haqida so`z bormoqda. Bu hasharot pardaqanotlilar (Hymenoptera) turkumining haqiqiy arilar (Vespidae) oilasiga kiradi. O`lchami bo`yicha dunyodagi eng yirik qovog`ari hisoblanadi. Uzunligi 45 mm.gacha, qanotini yoygandagi ko`ndalang o`lchami 75 mm.gacha, nishining uzunligi esa 6 mm.gacha etadi.

2019 yilning dekabr oyida ushbu qovog`ari AQShda ilk bor qayd etildi. Joriy yilning may oyi boshlariga kelib esa ingliz saytlari qovog`ari haqida yoza boshladi.

Qaerlarda uchraydi?

Ushbu qovog`ari Osiyo qit`asining janubiy, janubiy-sharqiy qismidan to Rossiyaning Uzoq sharq mintaqasigacha bo`lgan hududlarda yashaydi. Uni tabiiy holda Hindiston, Bangladesh, Xitoy, Tayvan, Laos, Tailand, Myanma, Vetnam, Nepal, Yaponiya, Koreya davlatlari hududida uchratish mumkin. Ushbu hasharot tabiatda – tog`li hududlardagi o`rmonlarda yashaydi. Asosan boshqa hasharotlar, ayniqsa, koloniya hosil qiluvchi hasharotlar bilan oziqlanadi.

U chindan ham zaharlimi? Bir chaqishda odamni o`ldiradimi?

Ha, bu hasharot haqiqatdan ham zaharli, ushbu qovog`ari zahari neyrotoksik xususiyatiga ega bo`lib, uni mandaratoksin deyishadi. Odamni chaqqanida allergen reaksiya chaqiradi va anafilatik shok holati yuzaga keladi, ba`zan yurak to`xtashiga ham sabab bo`lishi mumkin. Bu esa mana shunday hasharotlarning chaqishiga allergiyasi borlar uchun juda xavfli hisoblanadi. Lekin bu ari bir chaqishda odamni o`ldiradi degan xulosani bermaydi. Odam o`lishi uchun ushbu qovog`arining kamida 40-50 tasi birdaniga chaqishi kerak bo`ladi.

Bu qovog`ari chaqishidan yiliga nechta odam halok bo`ladi?

Yaponiya statistikasiga qaraydigan bo`lsak, 2001 yildan beri mamlakat hududida turli pardaqanotlilar chaqishidan halok bo`ladiganlar soni 12-26 ta oralig`ida bo`lar ekan, lekin bular orasida aynan Osiyo gigant qovog`arisi chaqishidan halok bo`lganlar kamchilikni tashkil qiladi. 2013 yilda Xitoyning Shaanxi provinsiyasida aynan mana shu qovog`ari chaqishidan 41 kishi vafot etgani qayd qilingan.

Nima qilish kerak?

Agar holatga ilmiy yondashadigan bo`lsak, bu qovog`ari bugun yoki kecha paydo bo`lib qolgani yo`q, u kamida million yillar avval paydo bo`lgan va mana shu hududlarda yashagan. Odatda to bir biologik tur yashash areali boshqa tur, masalan bu erda odam tomonidan egallab olinmagungacha turlar bir-biriga zarar keltirmaydi. Tabiat muvozanati mana shunday ishlaydi. Tabiiyki, Er yuzida odamlar soni oshgach, ular yashash joyi va ekin ekish uchun yangi erlarni o`zlashtira boshladilar. Mana shu jarayonda ushbu qovog`arilarning yashash muhiti ham odamlar tomonidan o`zlashtirildi va natijada ular odamlar bilan tez-tez to`qnashadigan holat yuzaga keldi. Oqibatda esa qovog`ari chaqishidan har yili nechadir odam halok bo`lmoqda.

Men biolog sifatida bunga normal holat deb qarayman. Har bir turda tabiat tomonidan berilgan o`zini himoya qilish instinkti bor. Ayni vaqtda qovog`arilar ham shu instinktidan foydalanmoqda. Qovog`ari chaqmasin desangiz uning hududlariga bormang, iniga cho`p suqmang, tabiatga kamroq ta`sir o`tkazing, shunda qovog`ari chaqmaydi, joningiz yoningizda qoladi.

Шарҳлар