my5
all

Bosh prokuror: «Chirchiqlik manyak». Jinoyatlarni yashirgan IIB xodimlari javobgarlikka tortildi

Jamiyat 23.05.2020, 11:48
1599
Bosh prokuror: «Chirchiqlik manyak». Jinoyatlarni yashirgan IIB xodimlari javobgarlikka tortildi

Sodir etilgan jinoyatlarni qasddan yashirish orqali jinoyatchilikka qarshi kurashib bo`lmasligi aniq. Aksincha, bu hol jinoyatchilik badtar oshib ketishiga sabab bo`ladi. O`tgan hafta Senatda hisobot bergan mamlakat Bosh prokurorining ma`ruzasida keltirilgan raqamlar buni yana bir karra tasdiqladi.

Aytilishicha, 2019 yilda sodir etilgan jinoyatlarni qayd etmay, qasddan yashirganlik holati bo`yicha 25 nafar ichki ishlar xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, ularning 21 nafari sud tartibida javobgarlikka tortilgan.

Bedarak yo`qolgan fuqarolarga oid masala esa judayam og`riqli. 2019 yilning birinchi yarimida fuqarolarning bedarak yo`qolganligi fakti bo`yicha 7 ta jinoyat ishi qo`zg`atilgan bo`lsa, yilning keyingi olti oyida bu miqdor 8 barobarga ko`payib, 54 tani tashkil etgan. Ularning beshtasi fosh qilingan, achinarlisi, beshalasi ham qotillik jinoyati ekani aniqlangan.

Bosh prokuror o`z ma`ruzasida bundan ham ayanchli faktlarni keltiradi.

Ya`nikim, 2006 yilda chirchiqlik fuqaro Qamchiqboeva tanishi Husainovga qarzga bergan 300 AQSh dollarni so`rab borganida qarzdor tomonidan o`ldirib yuboriladi. Shundan keyin ayolni qidirib uning ukasi, so`ng onasi Husainovning oldiga keladi va ular ham qotillik qurboniga aylanadi (keyinchalik qotil har uchala qurbonining jasadini Chirchiq daryosiga tashlab yuborgani aniqlanadi).

Hamma balo shundaki, bir oilaning uch a`zosi yo`qolgani haqida ularning yaqinlari bergan arizasi Chirchiq shahar IIBda qayd qilinmay, yo`q qilib yuborilgan! Yaqqol ko`rinib turgan qotillik yuzasidan 13 yil davomida tekshiruv va qidiruv ishlari sansalorlikka solib kelingani oqibatida Husainov o`tgan vaqt davomida yana uchta fuqaroning umriga zomin bo`lishga, shuningdek, voyaga etmagan bir qizning nomusini toptashga ulguradi.

«Agarda Xusainovning birinchi jinoyati o`z vaqtida fosh etilganida edi, uch nafar fuqaro qotillik qurboniga, yosh qizcha esa jabrlanuvchiga aylanmagan bo`lardi», deydi Bosh prokuror.

Qotil sodir etgan jinoyatlari uchun umrbod ozodlikdan mahrum etilgan.

Шарҳлар