my5
all

"U yurak huruji sabab velosipedda ketayotib, yiqilgan..." Andijonda "Tez yordam" etib kelmagani sabab o`lgani iddao qilingan fuqaro bo`yicha o`rganishlar olib borildi

Jamiyat 21.05.2020, 07:40
582
"U yurak huruji sabab velosipedda ketayotib, yiqilgan..." Andijonda "Tez yordam" etib kelmagani sabab o`lgani iddao qilingan fuqaro bo`yicha o`rganishlar olib borildi

2020 yil 20 may kuni Andijon shaxrining Yangi bozor hududi yuqori tomonlar qismida Biznes kolleji oldida Bobur shoh ko`chasida velosipedda kelayotgan fuqaro yiqilgan, shuningdek atrofdagi insonlar tomonidan ushbu ko`ngilsiz holat video tasvirga olib ijtimoiy tarmoqqa berilgan, ushbu holatda go`yoki tez yordam mashinasi kelmayotganligidan shikoyat qilingan.

Shundan so`ng, kechaning o`zida ushbu holat yuzasidan sog`liqni saqlash vazirligining tezkor munosabati berilgan edi. 

Ayni paytda Andijon viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon viloyat filiali direktori, viloyat sud-tibbiy ekspertiza byurosi boshlig`i, Ichki ishlar boshqarmasi vakillari, Viloyat Hokimligi ma`sullari ishtirokidagi tezkor ishchi guruh tomonida ushbu holat atroflicha o`rganib chiqildi. Bu haqda Andijon viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati ma`lum qildi.

Aniqlanishicha, kecha, 20 may kuni soat 12:10 ga yaqin Andijon shahrining  Bobur shoh ko`chasida erkak kishi velosipeddan yiqilgan, xushsiz yotgan.

Ushbu noxush holat bo`yicha 2 ta qo`ng`iroq (soat 12-10 da erkak kishining xabari- telefon+998-94-***0177 va soat 12-23 da ayol kishining xabari telefon+998-97-***-7644) tez yordam bo`limining kompyuterida ovozli xabar holatida yozib olingan, havola qilinadi.

Soat 12-10 minut o`tganda Andijon tez tibbiy yordamga telefon qilingan, suhbat 12-11 gacha davom etgan ( Tez yordam bo`limining kompyuteridan 1-rasm va audioyozuv ilova qilinadi), 12-14 da tez tibbiy yordam mashinasi chaqiruvni qabul qilib olib va yo`lga chiqayotganligini xizmat yozuv kameralaridan ko`rish mumkin. Chaqiruvni qabul qilgan tez tibbiy yordam dispetcheri vrach Karimov Ismoil boshchiligidagi "tez tibbiy" yordam brigadasiga 12:14da etkazgan.

Tez yordam mashinasi soat 12-23 minutda o`tganda "tez yordam" voqea joyiga etib boradi (ijtimoiy tarmoqdagi videoyozuvda tez yordamga 2 ta xabar berayotgan ayolning ovozlari, tez yordam mashinasining kelganligi ko`rish mumkin, 2-rasm havola qilindi).

(Tez yordam mashinasining etib borish yo`li xaritasi) 

Ming afsuslar bo`lsinkim, tibbiyot xodimlari tomonidan xushsiz yotgan noma`lum shaxs ko`rilganda, o`lim holati belgilari aniqlangach, shifokor tomonidan o`rnatilgan tartibga ko`ra, 12:30da ichki ishlar organlariga xabar berilgan, 12:44da ichki ishlar xodimi voqea joyiga etib kelgan.

Andijon viloyat sud-tibbiy ekspertiza byurosining 214-son bilan qayd etilgan xulosasiga asosan, o`limga sabab bo`lgan tashhis: Surunkali yurak ishemik kasalligi. Yurak toj qon-tomirlari aterosklerozi. Yurak miokard infarktidan keyingi kardioskleroz. Yurak chap qorincha mushaklarini qon aylanishini buzilishi. O`tkir yurak qon-tomir va nafas etishmovchiligi. Ob`ektiv ko`rilganda tanasida yiqilish bilan bog`liq hech qanday jarohatlar aniqlanmagan. 

Fuqaroning velosipeddan yiqilishiga va o`limga olib kelgan sabab yurakning tuzatib bo`lmaydigan darajadagi og`ir kasalligi ekanligi ma`lum bo`ldi.

Fuqaro 1951 yilda tug`ilgan, Andijon shahrida yashagan, Yaqinlarining so`ziga ko`ra fuqaro ilgari yurak xastaligi bilan og`rib kelgan, 2 marta yurak xurujini o`tkazgan.

Andijon shahar tez tibbiy yordam bo`limida jami 34 ta tez tibbiy yordam brigadalari mavjud bo`lib, 441 ming 713 nafar fuqarolarga xizmat qilib kelmoqda. Me`yor bo`yicha 100 foiz avtomashinalar bilan ta`minlangan (13 ming aholiga 1 ta brigada). 2020 yil 20 may kuni 378 ta chaqiruvlarga xizmat ko`rsatilgan.

Shaxsni har qanday holatida xam videotasvirga olish, uni ijtimoiy tarmoqlarga joylash uning huquqlarini buzish hisoblanadi, javobgarlikka sabab bo`lishi mumkin, shuningdek tez yordam kech keldi deb asossiz xabar berish mumkin emas, ushbu ko`ngilsiz voqeaga tez yordam brigadasining kech yoki o`z vaqtida kelmaganligini sabab bo`la olmasligini xammamiz yaxshi tushunamiz, insonning har bir nafasining oxirgi yoki oxirgi emasligini faqatgina Yaratgan hal qiladi.

Voqea joyida tez yordamga xabar bergan fuqarolarga minnatdorlik bildiramiz, shuningdek aholining xushsiz yotgan holatdagi fuqaro bilan bo`lgan davrdagi hayajoni - har qanday vaqt o`tishi ko`p vaqt o`tib ketgandek tuyulganligini to`g`ri tushunamiz. Ammo hushsiz yotgan fuqaroni videotasvirga olish, uni ijtimoiy tarmoqqa joylash o`rniga har qanday avtomashinada bemorni tibbiyot muassasasiga tezroq etkazish maqsadga muvofiq bo`lar edi, bizning mehribon xalqimiz orasida o`z mashinasida har qanday bemorni tezlik bilan tibbiyot muassasasiga etkazishni savob bilguvchilar ko`pligini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Andijon viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi marhumning oila a`zolariga ta`ziya izhor qiladi, deyiladi rasmiy axborotda.

 

 

 

 

Шарҳлар