my5

2020 yil uchun Davlat byudjetiga qanday o`zgartirishlar kiritildi?

Iqtisodiyot 19.05.2020, 21:18
674
2020 yil uchun Davlat byudjetiga qanday o`zgartirishlar kiritildi?

Oliy Majlis Senatining to`rtinchi yalpi majlisida ma`qullangan “2020 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo`mitasi raisi Erkin Gadoev 2020 yilda davlat byudjetiga kiritilgan o`zgartishlar va uning ahamiyati haqida gapirdi.

"Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz ko`pgina davlatlarning iqtisodiyotiga, shu jumladan, mahsulot ishlab chiqarish va sotish, xizmat ko`rsatish hamda eksport va import hajmlarining kamayishi, transport aloqalarining qisqarishiga jiddiy ta`sir ko`rsatdi. Tabiiyki, ushbu holatlar mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham o`z ta`sirini ko`rsatmay qolmadi.

Biroq davlatimiz rahbari rahnamoligida olib borilayotgan sa`y-harakatlar bilan pandemiya va global inqiroz holatlarining milliy iqtisodiyotimizga salbiy ta`sirini yumshatish va oldini olish borasida barcha zururiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Prezidentimizning 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inkiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta`sirini yumshatish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoniga muvofiq 10 trln. so`mlik Inqirozga qarshi kurashish jamg`armasi tashkil etilib, uning yo`nalishlari belgilandi. 

Yana bir jihat, davlatimiz rahbarining 2020 yil 15 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti barqarorligini ta`minlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni o`z vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga binoan  byudjet xarajatlarini maqbullashtirish hamda respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga transfertlarni amalga oshirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab berildi.

O`z navbatida bu tadbirlarni amalga oshirish va ularning moliyaviy ta`minoti masalalaridan kelib chiqib davlat byudjetiga tegishli o`zgartirishlar kiritilishi zaruriyati yuzaga keldi.

Mazkur yangi Qonun esa koronavirus pandemiyasi va global inqiroz davrida Davlat byudjetining barqarorligini ta`minlash va ustuvor yo`nalishlarini inobatga olgan holda xarajatlarni optimallashtirish maqsadlariga xizmat qiladi.  

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, respublika byudjetidan fermer xo`jaliklari tomonidan ishlatiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash, advokatlar tomonidan yuridik yordam ko`rsatilganligi uchun haq to`lash hamda nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlariga beriladigan subsidiyalar mahalliy byudjetlar orqali moliyalashtirishi belgilanayotganligi sababli Qoraqalpog`iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga beriladigan byudjetlararo transfertlar ko`paytirilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Qonun bilan koronavirus pandemiyasi va global inqiroz davrida Davlat byudjetining barqarorligini ta`minlash maqsadida byudjet xarajatlari optimallashtiriladi", dedi E.Gadoev. 

Шарҳлар