my5
all

Sodiq Safoev va Fulvio Martushello Evropa Ittifoqi bilan munosabatlarni rivojlantirish bo`yicha muloqot qildi

Siyosat 13.05.2020, 16:56
344
Sodiq Safoev va Fulvio Martushello Evropa Ittifoqi bilan munosabatlarni rivojlantirish bo`yicha muloqot qildi

 Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o`rinbosari S.Safoevning Evropa parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo`g`iliston bilan aloqalar bo`yicha delegasiyasi raisi F. Martushello (Italiya) bilan videokonferensiya formatida muzokaralari bo`lib o`tdi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati xabar qildi.

Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi va Evropa Ittifoqi o`rtasidagi munosabatlarni, shu jumladan ikki tomonlama parlamentlararo aloqalar sohasidagi munosabatlarni rivojlantirish to`g`risida batafsil fikr almashildi.

Evropa Ittifoqi bilan siyosiy muloqotni rivojlantirish va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish mamlakatimiz tashqi siyosatining muhim ustuvorliklaridan biri hisoblanadi. So`nggi vaqtda tomonlar o`rtasidagi munosabatlar yangicha ruhda rivojlanmoqda. Bundan aprel oyida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev va Evropa kengashi rahbari Sh.Mishel o`rtasida telefon orqali o`tkazilgan mazmunli muzokaralar darak beradi.

F.Martushello koronavirusning tarqalishiga qarshi kurashish bo`yicha O`zbekistonda ko`rilayotgan chora-tadbirlardan xabardor etildi. Shu nuqtai nazardan O`zbekiston tomoni pandemiyaning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga ta`sirini kamaytirish uchun 36 mln. evro miqdorida moliyaviy yordam taqdim etishga tayyorligi uchun Evropa Ittifoqiga minnatdorlik bildirdi.

Evroparlament delegasiyasi raisi COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish bo`yicha mamlakatimiz rahbariyati tomonidan ko`rilayotgan qat`iy va samarali chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Uning so`zlariga ko`ra, O`zbekiston rahbariyatining inqirozga qarshi chora-tadbirlarining samaradorligi keyingi yillarda olib borilgan islohotlar dasturi bilan bog`liq.

O`zbekiston chet davlatlarga, shu jumladan Evropa Ittifoqi a`zosi Vengriyaga koronavirusga qarshi kurashishda gumanitar yordam ko`rsatganligi alohida qayd etildi.

Evroparlament deputati shu yil mart oyida Toshkentda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi loyihasi yuzasidan o`tkazilgan O`zbekiston va EI o`rtasidagi muzokaralar yakunlariga ijobiy baho berdi. Mazkur muzokaralar davomida tomonlar ushbu keng qamrovli loyihaning ko`plab muhim masalalarini kelishib olishga muvaffaq bo`ldilar.

F.Martushello O`zbekistonning GSP+ preferensial savdo maqomiga ega bo`lishi mamlakatimizdagi islohotlar siyosati qo`llab-quvvatlanishini ko`rsatuvchi muhim qadam bo`lishiga qo`shildi. GSP+ maqomi 6 mingdan ziyod nomdagi tovarlarni Evropa Ittifoqiga bojsiz eksport qilish imkonini beradi.

Shuningdek, muzokaralar chog`ida “O`zbekiston-EI” parlamentlar hamkorligi qo`mitasining navbatdagi 15-majlisini Bryussel shahrida o`tkazish masalalari ham muhokama etildi.

Шарҳлар