my5
all

Toshkentda 7 may kuni o`g`irlab ketilgan 31 yoshli fuqaroni 2 erkak va bir ayol bo`laklarga bo`lib, hovliga ko`mib tashladi

Jinoyat 13.05.2020, 16:18
11668
Toshkentda 7 may kuni o`g`irlab ketilgan 31 yoshli fuqaroni 2 erkak va bir ayol bo`laklarga bo`lib, hovliga ko`mib tashladi

Toshkentda bir hafta avval o`g`irlab ketilgan fuqaroning jasadi bo`laklanib, hovliga ko`mib tashlangani aniqlandi.  Bu haqda Darakchiga Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma`lum qildi.

Unga ko`ra, roppa-rosa bir hafta avval,  7 may kuni poytaxtning Uchtepa tumanida istiqomat qiluvchi o`ttiz bir yoshli R. R. «Lacetti» rusumli avtomashinasida uyidan chiqib, bedarak yo`qolgani bo`yicha Toshkent shahar IIBB tomonidan JKning (Jinoyat kodeksi) 137-moddasi (Odam o`g`irlash) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgandi.

O`tkazilgan tezkor-tergov harakatlar davomida aniqlanishicha, Yunusobod tumanida yashovchi, 1990 yilda tug`ilgan J.Aripbaev (muqaddam sudlangan, ayni paytda ishsiz) R. R.dan sotib olish sharti bilan ijaraga avtomashina olgan. O`zaro munosabatlar jarayonida R. R.ning o`ziga to`q insonlardan ekanini bilgan J. Aripbaev uning pul mablag`larini bosqinchilik yo`li bilan qo`lga kiritishni rejalaydi. 

Shu maqsadda u 1991 yilda tug`ilgan M.Mahkamov va 1991 yilda tug`ilgan S.Abdulhakimovalar bilan til biriktiradi. Avvaliga ijtimoiy tarmoq orqali R.R. bilan ayol kishi sifatida tanishib, virtual muloqotga kirishishadi. Tomonlar shu tariqa bir-birini «sinashgach», shu yilning 7 may kuni S.Abdulhakimova R.R.ni uyiga taklif qiladi. Aytilgan manzilda esa R.R.ni «kutib olgan» uchchovlon avvaliga uni urib-do`pposlab, qo`l va oyoqlarini arqon bilan bog`lashadi. So`ng yonida bo`lgan 400 AQSh dollari va 1.000.000 so`m miqdoridagi pul mablag`larini qo`lga kiritadi.

Bu bilan qanotlanmagan jinoiy guruh R.R.ni qiynab, pul talab qilishda davom etadi. Ayni jarayonda uning uyali telefonida Telegram mesendjeri orqali (R.R.ning nomidan uning) ota-onasi bilan SMS xabarlar almashib, ularga bir do`stining uyidan 29.000 AQSh dollarini olib, falon manzilga etkazib berishni aytadi. Va shu tariqa ular 29.000 AQSh dollarini qo`lga kiritishadi.

Shundan so`ng sodir etgan jinoyatlarini yashirish maqsadida J. Aripbaev 8 mayga o`tar kechasi R.R. minib kelgan «Lacetti» rusumli avtomashinasi yukxonasiga o`zini majburan joylab, ikki kun avval ijaraga olgan Yashnobod tumanidagi hovliga olib boradi va shu erda uni urib, umriga zomin bo`ladi. So`ng yollanma ishchilar yordamida mazkur xovlida chuqur qazdirib, marhumning murdasini bo`laklarga ajratib, ko`mib yuboradi...

To`plangan hujjatlarga ko`ra, J.Aripbaevning harakatlarida qasddan odam o`ldirish jinoyat tarkibi mavjudligini hisobga olib, jinoyat ishi Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan JKning 137-moddasi (Odam o`g`rilash )1-qismidan JKning 97-moddasi (Qasddan odam o`ldirish) 2-qismi «i» bandi va 164-moddasi (Bosqinchilik) 3-qismi «g» bandiga qayta malakalangandi.

J. Aripbaev ayni paytda qo`lga olingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Шарҳлар