my5
all

Germaniyada o`zbek askarlari xotirasiga yodgorlik lavhi o`rnatildi (foto)

Madaniyat 10.05.2020, 14:38
716
Germaniyada o`zbek askarlari xotirasiga yodgorlik lavhi o`rnatildi (foto)

Mamlakatimizning Berlindagi  elchixonasi tomonidan 9 may - Xotira va qadrlash kuni arafasida Germaniyada o`zbek askarlari xotirasiga atab yodgorlik lavhi o`rnatildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 23 oktyabrdagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g`alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi ham fashizmga qarshi janglarda mardlik ko`rsatib, yurt ozodligi uchun qurbon bo`lgan vatandoshlarimiz qabrlarini topish, xotiralarini abadiylashtirish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.

Jumladan, Germaniyaning Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal eridagi Shtukenbrok shaharchasida urush yillari barpo etilgan “Shtalag 326” (Stalag 326 VI K Senne) harbiy lageri muzey va arxiv tashkiloti bilan birgalikda olib borilgan izlanishlar natijasida 1941-1945 yillarda ushbu lagerga keltirilgan vatandoshlarimizga oid hujjatlar o`rganib chiqilib, harbiylar qabristoniga dafn etilgan o`zbek askarlari haqida qimmatli ma`lumotlar to`plashga muvaffaq bo`lindi.

To`plangan ma`lumotlarga ko`ra, ushbu lagerga keltirilgan 65 ming harbiy asir orasida 360 nafar o`zbek askari bo`lgan va ulardan 35 nafari «Shtukenbrok» harbiylar qabristoniga umumiy holda dafn etilgani aniqlangandi. 2018-2019 yillar  mobaynida O`zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan «Shtalag 326» arxivi  materiallarini o`rganish natijasida yana 20 nafar vatandoshimiz mazkur qabristonda mangu orom topgani aniqlandi.

Arxivdan 1912 yil Buxoro viloyatida tug`ilgan Nurali Safarov 1943 yil 5 mart kuni, 1918 yil Toshkent viloyatida tug`ilgan Abdurahmon Ro`zmetov 1944 yil 9 iyul kuni, 1921 yil Samarqandda tug`ilgan Musa Isaev 1943 yil 2 iyun kuni, 1915 yil Toshkentda tug`ilgan Anorboy Mirzaahmedov 1944 yil 25 iyul kuni, 1902 yil Buxoroda tug`ilgan Safar Kamolov  1945 yil 13 yanvar kuni vafot etgani haqidagi ma`lumotlar topildi.

Xotira tadbirida ishtirok etgan Detmold okrugi prezidenti Yudit Pirsher mamlakatimizda urush qurbonlari xotirasini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.

— 9 may O`zbekistonda Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlanishi, urushda qurbon bo`lganlar xotirasiga ko`rsatilayotgan hurmat maqtovga loyiqdir, — dedi u. - Ikkinchi jahon urushida «Shtalag 326» harbiy lageriga keltirilgan asirlar orasida 360 nafar o`zbekistonlik bo`lgani va ulardan 55 nafari shu erga dafn etilgani haqida ma`lumotlar mavjud. Urush qurbonlarining nomlarini abadiylashtirish, ularning so`nggi qo`nim topgan manzillari, qabrlarini topish juda ham xayrli ishdir.

Bugungi kunda «Shtalag 326» arxividagi o`zbek askarlariga oid ma`lumotlarni aniqlash borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.

Шарҳлар