my5
all

O`zbekistonda yangi sport tashkiloti – Fransuz boksi Savat Assosiasiyasi tashkil etildi

Sport 27.04.2020, 13:09
1201
O`zbekistonda yangi sport tashkiloti – Fransuz boksi Savat Assosiasiyasi tashkil etildi

Yurtimiz aholisi orasida sog`lom turmush tarzi targ`iboti, ommaviy sport hamisha diqqat markazda bo`lgan, shaxsan davlatimiz rahbarining doimiy kuzatuvi va ko`magida rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, bugungi karantin davrida sportning ahamiyati yanada oshdi, yurtdoshlarimiz salomatlikning naqadar ulug` ne`mat ekanligini yana bir karra anglab etishdi.

O`zbekistonda turli sport turlari bo`yicha federasiya va assosiasiyalar faoliyat ko`rsatib kelmoqda va ularning soni muntazam ravishda ortib bormoqda. Yangi tashkil etilgan fransuz boksi Savat Assosiasiyasi ham tez orada o`z muxlislarini topib olishiga shubha yo`q.

Yaqinda O`zbekiston fransuz boksi Savat Assosiasiyasi Adliya vazirligida ro`yxatdan o`tdi va maxsus guvohnomaga ega bo`ldi. Shuningdek, assosiasiya O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida belgilangan tartibda ro`yxatdan o`tkazildi. Yangi assosiasiyaning prezidenti etib “Turonbank” ATB raisi Mirzaev Chori Sadibakosovich, Bosh kotib lavozimiga Xodjaev Shuhrat Arifdjanovich saylanishdi.

Foto:O`zbekiston fransuz boksi Savat Assosiasiyasi prezidenti Chori Mirzaev

Assosiasiyaning ochilish marosimida yangi sport tashkilotining prezidenti Chori Mirzaev so`zga chiqdi va faoliyatining yangi qirrasi haqida shunday dedi:

“Fransuz boksi Savat chuqur ildizlarga ega bo`lib, 300 yildan ko`proq tarixga ega sport turi hisoblanadi. Fransuz boksi Savat 1924 yil Parij shahrida bo`lib o`tgan yozgi Olimpiada o`yinlarida rasmiy sport turlaridan biri bo`lgan va Fransiya davlati milliy merosi hisoblanadi. Sportning yangi-yangi qirralarini ochishga havasmandlar yurti bo`lgan O`zbekistonda ham mazkur tarixiy sport turini rivojlantirish maqsadida ushbu sport turi havaskorlari tashabbusi bilan O`zbekiston fransuz boksi “Savat” assosiasiyasi tashkil etildi. Bizning asosiy maqsadimiz yoshlar o`rtasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish, ularni ommaviy sportga jalb etish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirish va sport orqali millatlar o`rtasida do`stona munosabatlarni yanada rivojlantirishdir”.

Foto:O`zbekiston fransuz boksi Savat Assosiasiyasi Bosh kotibi Shuhrat Xodjaev

Bir so`z bilan aytganda, O`zbekiston fransuz boksi “Savat” assosiasiyasining tashkil etilishi, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, aholi o`rtasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish va asosiysi, yuksak madaniyatga ega bo`lgan har tomonlama etuk hamda jismonan sog`lom insonlarni shakllantirishda o`zining munosib hissasini qo`shishi shubhasiz. Zero, sog`lom jamiyat – eng buyuk ishlarga qodir bo`ladi.

Шарҳлар