my5
all

Front ortida: Jizzaxliklarning jonbozliklari

Mutolaa 16.04.2020, 21:41
2017
Front ortida: Jizzaxliklarning jonbozliklari

Insoniyat bir muddat xotirjamlik bilan taraqqiyotga yuz tutdi. Misli ko`rilmagan texnikaviy kashifiyotlar qilindi. Nomiga munosib o`tmishdagi ko`rguliklarni unuta boshlagandi. Jahon ahlini oyoqqa turg`izayotgan koronavirus ofati bashariyatni yana bir bor hushyor torttirdi. Maqolamiz bu haqda emas, mamlakatlar boshiga undan-da ko`proq zarar keltirgan Ikkinchi jahon urushi, yana ham aniqrog`i Jizzax viloyatining 1941-1945 yillarda ushbu muhorabaga qo`shgan hissasi xususida. Nima uchun ushbu viloyat haqida gap ketayotganini maqolamiz so`ngida bilib olasiz.

1941 yil 22 iyun kuni fashistlar Germaniyasi hujum qilmaslik to`g`risidagi shartnomani buzib, xoinlarcha bostirib kiradi. Urush haqidagi mash`um xabar hamma hududlarda bo`lganidek, Jizzax viloyatida ham yashin tezligida tarqaladi. Shahar va qishloq aholisi o`zlarini frontga safarbar etilgan, deb bilishdi.

Yovuz dushmanga qarshi kurashish xalqning or-nomusi, vijdoniy burchi bo`lib qoldi. Jizzax shahri va tuman markazlarida, jamoa va davlat xo`jaliklarida, sanoat korxonalari va maktablarda ko`p ming kishilik mitinglar bo`lib o`tdi. Unda dushmanni tezroq tor-mor qilish yuzasidan tadbirlar belgilandi. Shuningdek, barcha qiyinchiliklarga qaramasdan voha dehqonlari frontga ko`proq oziq-ovqat etkazib berish uchun barcha kuch-g`ayratlarini safarbar etishdi. 

1941-1945 yillari jizzaxliklardan 39 620 nafar kishi (Jizzax viloyati tarixi kitobi, 1996 yil) urushga safarbar qilindi. Ular Leningrad va Stalingrad mudofaasida,  Belorus va Ukraina erlarini dushmandan ozod qilish janglarida qahramonlik namunalarini ko`rsatishdi. 7 450 nafar kishi ozodlik uchun o`z jonini qurbon qildi. Ularning ayrimlari jang suronlarida bedarak yo`qoldi. Urushning dastlabki kunlaridanoq, jangga otlanganlar orasida Jizzax ohak zavodining ishchilaridan Nurillo Fottoxov, Abdurahmon Toshpo`latov, Said Ashurov, Vasiliy Yakovlev, Stepan Ivanov, Viktor Zaharov, shuningdek g`allarollik Uzoq Murodjov, Norbek Haydarov, Nurbek Mahmudov, Toshpo`lat Keldiyorov, Fayzi Boboev, Yo`lchi Ortiqov, G`aybulla Hamroev va boshqalar bor edi. 

Viloyatda juda ko`plab xotin-qizlar ham ko`ngilli bo`lib frontga jo`nashga azmi qaror qilishdi. Ular qatorida jizzaxlik Anna Tulaykova, Antonina Papova, Bubirajab Bektagirova, Elezaveta Dublyajenko singari jasur ayollar bor edi.

Hamma joylarda mudofaa jamg`armasiga mablag` to`plash uchun hasharlar tashkil qilindi. Temir-tersak to`plash, oyliklari o`tkazildi. Harbiy xizmatchilarning va halok bo`lgan jangchilarning oilalariga g`amxo`rlik kuchaytirildi. Jamoat va davlat xo`jaliklarida ishchi kuchi va texnika vositalarining kamligiga qaramay chorva mahsulotlari etishtirish va davlatga topshirish rejasi oshirib bajarildi. 

Muhimi, bu kabi jonbozliklar beiz ketmadi, buyuk g`alabaga erishildi. 

                                                                        G`alaba bog`idagi g`alaba

Poytaxtimizning Olmazor tumanida barpo etilayotgan G`alaba bog`i hududidagi «Shon-sharaf» muzeyida Jizzax viloyati uchun joy ajratildi. Urush davriga oid front va front ortida o`zbekistonliklarning g`alabaga qo`shgan ulkan xizmatlari, mardlik va jasoratlari, fidoyiliklari, bag`rikengligi aks ettirilgan tarixiy materiallar, hujjatlar va ashyolar beg`araz topshirildi. Qilingan ishlar yaxlitlashtirilib, albom holiga keltirildi.

Faol jonbozlik ko`rsatib ishlayotgan viloyatlarni rag`batlantirish maqsadida, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g`alabaga viloyatlarning qo`shgan hissasi aks ettirilgan ekspozisiyalar bo`yicha qilingan ishlar yuzasidan hududlar kesimida tanlov e`lon qilindi.

Yaratilgan ekspozisiyalar bo`yicha yuborilgan fotoalbomlar «Shon-sharaf» muzeyini bezatish bo`yicha tuzilgan ishchi guruhi tomonidan ko`rib chiqib, baholandi. O`rinlarni belgilashda, viloyatlar tomonidan to`plangan Ikkinchi jahon urushi davriga oid ashyolar va urush qatnashchilari buyumlari soni ko`pligi, berilgan ma`lumotlar ishonchliligi hamda buni fotoalbomda qay darajada yoritib berganligiga alohida e`tibor qaratildi. Xolis o`rganishlar natijasida, Jizzax viloyati birinchilikni qo`lga kiritgan bo`lsa, Surxondaryo viloyati II, Qashqadaryo viloyati esa III- o`ringa munosib topildi. 

Sabr bilan maqola so`ngiga qadar mutolaa qilganingiz uchun minnatdormiz. Jizzax viloyati tanlanganining sababini ham bilib oldingiz. 

Fotolavhalar:

                                                                                                                                                            Aziz NORQULOV

Шарҳлар