my5
all

G`alabaning 75 yilligiga bag`ishlanadi: Yurak dardi

Mutolaa 09.04.2020, 09:43
1733
G`alabaning 75 yilligiga bag`ishlanadi: Yurak dardi

O`zbek adabiyotining shonli, muazzam, ibratli tarixi bor. Turgan gap, mahoratli so`z san`ati zargarlari bilan bir qatorda, iste`dodli olimlar ushbu tarix sahifalarini bezab turadi. Akademik Matyoqub Qo`shjonovshunday mo``tabar adabiy shaxslardan biri edi. Aytish kerak, u zotning hayot yo`lida ham, ijod yo`lida ham o`ziga xos ibrat va saboqlar juda ko`p. Adabiyotshunoslik bilan birga ijodkor o`z hayot yo`lida duch kelgan taqdir changalzorlari haqidagi asarlar ham bitganki, ilk bor matbuotda e`lon qilinayotgan “Yurak dardi” asari ham sinchi olim, etuk adibning serqirra iqtidori yuksak bir maqomda ekanligini yana bir bor isbotlaydi. Tarixda eng qonli II Jahon urushi janggohlarida jon olib, jon berganlar safida bo`lgan jangchi-merganning xotiralari aks etgan mazkur asarni tahririyatimizga taqdim etib, nashrga tayyorlashda yaqindan yordam bergan filologiya fanlari nomzodi, ustoz Matyoqub Qo`shjonovning jiyani Azimboy Boboniyozovga minnatdorlik bildiramiz. 

MUALLIFDAN

Tarixda insoniyat boshiga tushgan kulfatlarning hisobi yo`q. Biroq yigirmanchi asrda yuz bergan Ikkinchi jahon urushi alamu kulfatlarning eng dahshatlisi bo`ldi. Minglab qishloq va shaharlar er bilan yakson qilindi. Insoniyat millionlab qurbon berdi. Taqdir taqozosi bilan men ham ana shu urush qatnashchisi bo`ldim. Aql bovar qilmaydigan ko`rgiliklarga duch keldim, mudhish jinoyatlarga guvoh bo`ldim, yovuz dunyo bilan yuzlashdim. O`sha qop-qora kunlar doimo qalbimga og`riq berib, xayolimdan birma-bir o`taveradi...

Ustiga kigizsifat shinel, oyog`iga og`ir kirza botinka kiyib olib, qo`lida jangovor miltiq ko`targan, bir olam orzu umidlari ezgulikdangina iborat bo`lgan navqiron xorazmlik yigit jangga kirmoqda. Urush uning yosh tasavvurida eski kitobu xalq dostonlaridagi yakkama yakka bellashuvlar, nari borsa qilichbozliklardan iborat edi. Endi esa pulemyotlarning tinimsiz tarillashidan uning qulog`i batanga keladi, har qadamda mina va snaryadlar portlashidan larzaga tushadi. Ertaklardagi ajdaholarni eslatadigan tanklar dahshatini, guldurosidan eru ko`kka titroq solgancha turnaqator uchib, ajal urug`ini sochib o`tadigan yunkers va missershmidtlar vahshatini har daqiqa his etadi.

Keng dalalarda mol boqib, ekinzorlarda ketmon chopib, salgina vaqt topildi deguncha, bobolardan qolgan kitoblar ichiga singib, o`zini xayrli ishlarga chog`lagan yosh yigit uchun bularning bari qiyomatning naq o`zginasi edi. Hayot bilan o`lim olishardi bu dunyo maydonida. 

Avlodlarga saboq bo`lsin uchun ushbu kitobda ayni yigitlik chog`imning to`rt yilini shu olovli urush ofati ichra o`tkazib, yuragimning og`riqli dardi bo`lgan ko`rgan kechirganlarimni xatga soldim. 

 

BIRINChI QISM

ILK SABOQLAR... XAYRLAShUV

“Ilohim, oy borib, omon qaytgaysan!..”

Onajonim duosi

1942 yil. Jazirama iyul oyining boshlari.

Yuk mashinalari Toshhovuzdan chiqib, sharq tomon yo`l oldi. U vaqtlari Xorazm vohasining yo`llari na asfalt, na beton ko`rgan edi. Yo`l yoqalab oqadigan ariqchalardan ahyon ahyonda sepib turiladigan suvgina yo`llarning chang to`zonini qisqa muddatga bosgandek bo`lardi. Lekin issiq kunlari namlik tez ko`tarilishi sabab yo`lning ko`pirgan tuprog`i salgina tashqi ta`sirdan burqsiydigan tutun singari osmonu falakka o`rlashini kutib yotadi.

Mashinalar ustidagi taxta o`rindiqlarda biz – frontga safarbar qilinganlar qator-qator joylashib olganmiz. Mashinalar karvoni g`ildiraklar ortidan quyuq chang to`zon ko`tarib, shiddat bilan ilgarilab boryapti. Bir-birining changida qolib ketmaslik uchun haydovchilar oraliq masofani uzoqroq tutishga harakat qiladilar. Safarbar qilinganlarning barchasi ziyoli ahlidan – o`qituvchilar, agronomlar, turli darajadagi idora xizmatchilari. Hech kimdan sas-sado chiqmaydi. Har kim o`z xayoli bilan band. Kimdir ortida qolgan bola chaqasini o`ylaydi. Yana kimdir hozirgina ortidan kuzatib qolgan ota onasi, qarindosh urug`larining zorlanib aytgan so`zlarini mushohada qiladi. Xullas, kuzatuv manzarasi ularning ko`z oldidan ketmaydi...

Toshhovuz shahrining sharqiy qismidagi yolg`iz g`ishtin imorat. Hozirgi paytda shaharning markaziy mavzelaridan biriga aylangan bu er 40 yillar boshida viloyat harbiy komissarligining xizmatga jo`natish joyi edi. Biz – yuz nafarga yaqin safarbar qilinganlar binoning katta zaliga yig`ilganmiz. Ko`pchiligimiz bir birimizni taniymiz. Bu ma`raka orasida mening ham uzoq yillik qadrdon do`stlarim bor. Ulardan biri – ajralmas do`stim Napas Rahimov. Jo`nab ketayotganlarni kuzatishga kelganlarning esa son sanog`i yo`q: aka ukalar, opa singillar, yor do`stlar. Mening onam ham ular sirasida. Bir necha kun shu erda yaqinlarimiz qurshovida qolib ketdik. Bechora onajonim, bir tomoni, shahardan ancha uzoqda joylashgan uyimiz tashvishlaridan ko`ngil uzolmay, bu yoqda yana meni ko`zi qiymay, kechqurunlari ukalarim va jiyanlarimni yonimda qoldirib, uyga ketib, ertasiga saharlab etib kelardi.

O`sha kunlardagi ko`pgina voqea hodisalar hech yodimdan chiqmaydi: qarindosh urug`larning pand nasihatlari, do`stlarning unutmaslik haqidagi o`zaro ahd paymonlari, xayrlashuv paytidagi yig`i sig`ilar, ketayotganlar ko`nglini nima bilandir ko`tarish uchun bozorga va do`konga qatnashlar... Birovlar yaqindagina to`y qilishgan. Yosh kelinchak kuyov atofida parvona. Bir birlarining mehr muhabbatlariga to`yib ulgurishmagan. Kuzatayotganlar ichida endigina fotiha qilingan qizlar ham bor. Ular xabarchilar yoxud uzoqroqdan bildirilgan imo ishoralar orqali yigitlarini hilvatroq joyga chaqirishib, pinhona suhbatlashadilar, diydorlariga to`ymay, bir birlariga uzoq tikilishadilar.

Ancha kun davom etgan kuzatish marosimida onam meni ham eru ko`kka ishonmasdi. Ko`rgan ko`zga noqulayligini bilganidan etagimdan ushlab o`tirmasdi, xolos. Qay yo`l bilan bo`lsa ham biroz shodlik bag`ishlash niyatida tez tez shahar bozoriga qatnab, yangi chiqqan mevadanmi, shirinliklardanmi olib kelish bilan meni goh uni, goh buni eyishga undab, o`zini qo`yarga joy topolmasdi.

G`o`r yoshligimizdan bo`lsa kerak, oldinda bizni nimalar kutayotganiga aqlimiz ko`pam etavermasdi. Bunday paytlarda kelajakni oldindan tuyadigan benihoya ziyrak ona qalbi bizni dahshatli voqealar, jangu jadallar, azob ukubatlar poylayotganini sezib turgan bo`lsa ajabmas! Shu sababdan bizga bag`ishlangan bir daqiqalik xursandchilikdan onalar boshi osmonda edi. Buni isbotlaydigan bir voqea hamon esimda.

Bir payt onam jo`ram Napas bilan ikkimizga qarab:

- Hali ketib qolmassizlar, men bir zumda qishloqqa borib kelaman,   deb jo`nab qoldi.

Men bunga ko`p ham e`tibor bermadim. Unchalik uzoq fursat o`tmasdan, onam halloslab qaytib kelib, bir etakcha dumbul o`rikni oldimizga qo`ydi.

- Olinglar, eb ko`ringlar. Bu o`zing ekkan o`rikdan, huv o`sha uchmuyush otiz yoqdagi. Endi hosilga kirdi,   derdi onam hansiragancha nafasini rostlashga urinib.

Yoshlik beboshlik sabablimi, o`sha paytda onamning bunday mehribonligini unchalik qadrlamagan ekanman. Keyin o`ylab qarasam, onam o`zi ekkan o`rikning ilk hosilidan tatib ketsin, deb terlab-pishib, qishog`imizgacha va orqaga sakkiz chaqirimdan -o`n olti chaqirim yo`l bosib, menga dumbul o`rik keltiribdi. Endi tasavvur qilaman, yozning jazirama issig`i, u vaqtlarda qishlog`imiz bilan shahar orasida na asfalt yo`l bor, na biror transport vositasi. Ehtimol, masofani tezroq bosib o`tish uchun kalishini qo`liga olib, tuproq yo`lda ne xayollarda yugurgilab yo`l bosgandir. Faqat onalargina shunday zahmat chekishga qodir!

Biz esa jo`nashni kutmoqdamiz. Onam hamon yonimda. Menga nimalar keragi, shu tobda ko`nglim nimalar tusayotgani haqida tinimsiz savollar berib, kap katta yigit ekanimga qaramasdan, yosh boladek bilib, atrofimda girdikapalak bo`lardi. “O`rtoqlaringdan ajralib, yolg`iz o`zing yurma”, “Usting yupun bo`lmasin”, “Oyog`ingni issiq tut”, “Xat yozib turishni unutma” qabilidagi nasihatlarni qayt qayta uqtirardi.

Bir mahal menga bildirmasdan cho`ntagimga nimadir solib qo`ydi. Birozdan keyin sekin tuydirmasdan tekshirib ko`rsam, lattaga tugilgan bir chimdim tuz ekan. Darrov tushundim. “Yomon ko`zdan asrasin, yana tuz nasibasi tezroq bizga qo`shilsin, ya`ni eson-omon qaytib kelsin” degan niyatda doim shunday qilardi. Men “yaxshi yomon ko`z”larga ishonmaganimdan “Urushda yomon ko`z yo`q, yomon dushman bor”, demoqchi bo`ldim u, biroq onamni ranjitgim kelmadi. Tuz anchagacha u kishidan esdalik bo`lib yonimda yurdi.

Yig`ilganimizning uchinchi yo to`rtinchi kuni bo`lsa kerak, nihoyat, “Mashinalarga!” degan buyruq yangradi. Bir zumda hammayoq to`s to`polon bo`lib ketdi, barqiriq chaqiriq, yig`i sig`i, talato`p. Onamning chehrasiga tasavvur qilish qiyin bo`lgan sarosima yugurdi. Men u kishida ro`y bergan bunday holatni o`sha kezda tushunmagan edim. Keyinroq o`zimcha o`ylab anglab etdim. Qaytib kelishi dargumon bo`lgan o`g`lini kuzatayotib, ona misoli qafasga tushgan qushdek holatni boshidan kechirar ekan. U o`zini har tomonga urardi. Gohi ko`zlari ma`nosiz javdiraydi, nima qilayotganini bilmay, shoshilinch va keskin harakatlar qiladi, kerakmas narsalarni jamodanga soladi, kerak narsalarni ham bir joydan olib, ikkinchi joyga qo`yadi, gard yuqmagan bo`lsa ham, ust boshimni qoqadi, boshim va orqa bo`yinlarimni silab siypalab, shu bahonada qo`llarini menga tekkizib tekkizib olib, sal xumorini yozgandek bo`ladi... Xullas, sarosimadan o`zini butunlay yo`qotib ko`ygandi.

Yoshligimda ba`zan dilgir onalarning o`z o`g`il qizlariga: “E bolam, shoshma, hali farzandlaring bo`lar, o`shanda ko`rasan”, degan gaplarini eshitib qolardim. Lekin o`sha paytlar bu gaplar ma`nosi ustida ko`pam bosh qotiravermasdim. Vaqtlar o`tib, o`zim ham ota bo`ldim, faqat shundagina angladim ular mazmunini. Onajonimning o`sha paytdagi ahvolini ham shundagina tushunib etdim. Axir u kishi o`z o`g`lini kundalik borib kelib yuriladigan xizmatga, oddiy safarga emas, balki o`lim hukm surayotgan joyga jo`natayotgandi. Undan qachon va qay ahvolda qaytadi, umuman, qaytadimi yo`qmi, buni faqat yolg`iz Allohgina bilardi! Onamning o`ziga joy topolmay, oyog`i kuygan tovuqdek pitirlab jonsarak bo`lishi shundan edi...

Yigitlar uzun o`tirg`ichlarga joylashib olishgach, mashinalar joyidan qo`zg`aldi. Hammayoqni qiy chuv tutib ketdi. Bir zumda butun atof quyuq chang to`zonga burkandi. Uning orasida mashina ortidan chopib kelayotgan kuzatuvchilar g`ira shira ko`rinadi.

Mashinaga chiqishim oldidan onam men bilan bag`ri giryon bo`lib xayrlashdi. Bir payt qarasam, u quyuq chang ichida ikki qo`lini oldga cho`zganicha mashina orqasidan chopib kelyapti. Oyog`idagi kalishi tushib qolgan bo`lsa kerak, yalangoyoq edi. Saldan so`ng qo`llarini men tomon uzatganicha changda ko`rinmay qolib ketdi...

Onamni eslaganimda yodimga tushadigan voqealar juda ko`p. Yoz oylarida beda o`rish, kechalari qo`sh qo`shish, qish kunlari o`tin cho`p yig`ish, mollarga pichan suv berish. Bahor kunlari ot etaklab chig`ir charxpalak haydab, er sug`orishlar... Aytganday, shungacha, erta bahorda otam, akam Toshsaqa Shovot kanalining Amudaryodan suv oladigan joyiga qazuvga ketishardi. O`sha kezlari men yosh bo`lishimga qaramasdan, “oila boshlig`i” bo`lib qolardim. Onam menga o`g`ilbola sifatida ko`proq suyangandek bo`lardi, bundan o`zim ham boshqacha g`urur va mas`uliyat sezib, birdaniga ancha ulg`ayib qolgandek bir tuyg`uni his qilardim. Undan sayin onamga mehribonligim va hurmatim osha borardi. Yana shuni sezardimki, o`zimni kanchalik katta ko`rsatmay, onajonim aksariyat paytlari meni ayardi: ishning og`irini o`zi qilib, menga engilini qoldirardi. Bundan o`zimni kamsitilgandek bilib, o`g`ilbolalik burchimni to`liqroq bajarishga harakat qilardim. Onam bilan o`rtamizdagi bunday samimiyatni hech qachon esdan chiqarmayman. Biroq qaerda bo`lmay, qay sharoitga tushmay, uning chang to`zon ichida qo`llarini olg`a, men tomon cho`zganicha mashina ketidan yugurgan qiyofasi eng yaxshi haykaltarosh asaridek ko`z o`ngimda muhrlanib qoldi. Shu qiyofada u menga doimo yo`ldosh bo`ldi.

 

  

...Mashinalar chor atrofni chang tuproqqa belab, shiddat bilan yo`l bosmoqda. Xorazm o`lkasining bosh shahri bo`lgan Urganch ortda qoldi. O`sha paytlari shahardan ko`ra katta qishloqni eslatadigan Xonqa va Hazoraspda ham to`xtamasdan o`tib ketdik. Hozirgi mashhur Tuyamo`yin dovonlaridan ham oshdik. Naryog`i qariyb uch yuz chaqirimlik Qoraqum sahrosi. Xavf xatarga to`la bepoyon kenglik.

Bu yo`l menga yaxshi tanish. Besh yil davomida undan necha martalab o`tganman. O`ta mashaqqatli bu yo`l. Biror sabab bilan undan qochib quranib o`tmoqchi bo`lganlarning qum barxanlari orasida qolib ketgani haqida el og`zida har xil gaplar yuradi. Aslida, uni yo`l hisoblash ham uncha to`g`ri emasdi. Yo`lsizlik deyish to`g`riroq bo`lardi. Ba`zi joylarda mashina tekis qirlardan bir necha chaqirim eldek elib o`tsa, kutilmaganda oldinda qum barxanlari chiqib qoladi. Shunda haydovchilarning: “Yaqindagina bu erlar taqir qir edi. Mana endi qum barxanlari paydo bo`libdi. Endi qanday o`tamiz”, deb noliganlari esimda. Doimo ko`chib turadigan bu qum mashaqqatlarini urushdan oldin o`qishga qatnab boshimdan ko`p o`tkazganman. Har gal Toshhovuzdan Chorjo`yga qanchadan qancha xatarlarni, kutilmagan mashaqqatlarni boshdan kechirib etib olardik. Suvsizlik, oziq ovqat etishmasligidan azob ko`rardik. 

Vohadan Chorjo`yga boradigan boshqa yo`l yo`q edi. Tekis kelayotgan mashina birdaniga qumga botib chiranib qolardi, shunda yo`lovchilar sakrab tushib, qumning olovli taftida kuyib pishib, mashinani ilgari siljitishga harakat qilishardi. Bu ham yordam bermasa, haydovchi ehtiyot shart mashinaga tashlab qo`ygan taxtalarni g`ildirak ostiga yotqizardik. Mashina bir taxta bo`yi jilgach, uni olib, yana g`ildirak yo`liga to`shardik. Tezyurar ulovda toshbaqa tezligida imillab, bir barxanni ortda qoldirgach, saldan keyin boshqasiga duch kelinardi. Arzimagan masofa shu yo`sinda uch to`rt kunda bosib o`tilardi. 

Hozir esa bu xatarlar uncha qo`rqinchli emasdi. Deyarli hammamiz navqiron yigitlarmiz. Zarur bo`lsa, mashinani barxanlar osha ko`tarib o`tishga ham kuchimiz etadi.

Mashina hamon ildamlab boryapti. Uning ustida o`tirganlar orasida ahyon ahyonda eshitilib qoladigan “Falonchi kuzatishga keldimi?”, “Do`stim, endi uylangan ekansan chog`i, qaylig`ing ham juda yosh ekan”, “Yig`lab qolgan bola senikimidi?”, “Uylanib ulguribsan da” singari savol javoblarni, shu holat o`rinsiz tuyulayotgan ayrim hazil huzullarni hisobga olmaganda, umuman, jimlik hukmron. Kim nimani o`ylayapti, bilib bo`lmasdi. Biroq aksariyat yigitlar xayolini ikki xil o`y band etganligi shubhasiz edi.

Biri, Stalindek qudratli dohiymiz, Voroshilovdek shavkatli qo`mondonimiz borligi. Tasavvurimizda, hozircha biz rejali ravishda, atayin dushmanni mamlakat ichkarisiga kirishga yo`l qo`yib beryapmiz. Shu yo`l bilan uni tor mor keltirish va Vatanimiz sarhadlaridan itqitib tashlashimiz oson bo`ladi. So`ngra dunyoda tengi yo`q Qizil armiya uni quvib borib, o`z makonida majaqlab tashlaydi. Biz shu armiya safiga qo`shilishga boryapmiz. 

Stalincha targ`ibot ongu shuurimizga shunday fikrlarni zo`r mahorat bilan singdirgan edi. Maktabda, o`qituvchilar tayyorlash bilim yurtida muttasil o`rgatishardi: biz hammadan zo`rmiz, mamlakatimiz – engilmas qal`a, kuch qudratda tengi yo`q davlat.

Ikkinchisi, nima bo`lsa ham urush urush da, degan o`y edi. Unda qurbonlar bo`lishi aniq. Kim omon qaytadi, kim qaytmaydi, buni hech kim bilmaydi. Birovni hayotdan mahrum qilish uchun bitta adashgan o`q yoki portlagan snaryadning kichik parchasi kifoya. Bunday og`ir qismatdan qochib qutulishga birorta odamning ishonchi komil bo`lishi mumkin emas. Buning ustiga hammayoqda ne ne yigitlar ortidan kelib turgan qoraxatlar soni ortgan. Ko`cha ko`yda jang maydonidan zo`rg`a qo`ltiqtayoqda sudralib chiqib qaytgan nogironlar ham tobora ko`proq ko`zga tashlanmoqda... Xullas, o`ylayman desa o`ydan ko`pi yo`q. Lekin yo`lsiz erdan yo`l solib, har qadamda silkitib sakratib, gohida ag`darilib ketish darajasida chuqurdan chuqurga sho`ng`ib, do`ngdan do`ngga sakrab shiddat bilan borayotgan mashina ustida chinakamiga xayollarga berilish ham, sheriklar bilan suhbat qurib, keraksiz o`ylarni o`zingdan soqit qilish ham mushkul edi. Yoshlikdanmidir yoki sovetcha tarbiya natijasimidir, “Inson taqdirini o`z qo`li bilan yaratadi” degan bir qoidani o`zlashtirib olgan edik. Agar inson o`z taqdirini o`zi yaratadigan bo`lsa, “taqdir” tushunchasi ortiqcha bo`lib qolishi xususida o`ylab ham ko`rmasdik. 

Ezgu orzu istaklar qismati nima bo`ladi? Mashina ustida silkinib, tebranib yo`lda davom etayotgan bu yigitlardan har birining qalbida shirin orzu umidlar jo`sh uradi. Ba`zilari bola chaqa o`stirib, ularga bosh bo`lib yurish umidida bo`lsa, yana birlari elda obro` topib, to`y tomoshalar qurab, yurtga osh berishni orzu qiladi, ayrimlari zo`r mehnat qilib, o`sha kezlari ko`p tashqiq etiladigan “zarbdor” nomi bilan o`zini shon shuhratga cho`lg`ash niyatida. Xullas, har kimda har xil xayol...

Men esam, hali yosh bo`lsam da, Chorjo`ydagi muallimlar bilim yurtida, Toshkent, Samarqand oliy o`quv yurtlarida biroz tahsil ko`rib, ilmdan xabar topib, nufuzli domlalar sabog`ini olganman, dono suhbatlarini eshitganman. Uzoq qishloq farzandi bo`lishimga qaramasdan, Leningrad, Moskvada ta`lim olib kelgan mutaxassislarning ilmiy mushohadalaridan naflanib ulgurganman. Bu hol meni “kelajagim ilm fan bilan bog`liq” degan xulosaga olib kelgan. Shu qisqa hayotiy tajribam va bilimim tufayli anglab turibmanki, hali yo`limiz barxanlar osha o`tib borayotgan bu mashinalar bilan tugamaydi. Biz mashinalardan tushib, poezdlarga chiqamiz. Ular bizni o`sha qoraxatlar bitilayotgan joylar tomon olib ketadi...

Yonimda sodiq do`stim Napas. Hech bir sharoitda pinagini buzmaydigan, bir qarashda xatto xayol surishni ham ko`p yoqtiravermaydigandek ko`rinadigan uning xayolini ham shu kezda nimalardir cho`lg`ab olgan. Jimgina o`tiribdi, nimalar haqida o`ylayotgani bilan o`rtoqlashmasligi ham aniq.

Ko`p o`tmay yana mashinalar shiddat bilan olg`a intildi. Askarlar bir birlariga suyanishib, jim o`tirishardi. Bora bora charchoq o`z kuchini ko`rsata boshladi. Ba`zilar o`zaro suyanishganicha bir zum bir zum mudrab olishyapti. Janub tomondan Qoraqum olov purkaydi, issiq hovur yuzlarni yalab o`tadi. Ko`zlarga qum zarrachalari uriladi. Yo`lovchi do`stlarimning yuzlari biroz qoraygandek, sahro olovi ta`sirida qum rangiga moslashgandek tuyuladi.

Bu uzoq va mashaqqatli yo`lni ikkiga bo`lib turadigan Darg`onota nomli bir makon bor. Ilgarilari ham bu joyda ko`p martalab to`xtab o`tganmiz. Hozir tuman markazi hisoblanadigan ushbu maskan o`sha paytlarda kattaroq qishloq edi. 

Bu erda tushlik ovqat qilib, biroz dam olish mo`ljallangan shekilli, mashinalar tuman markazining qulayroq joyiga borib to`xtashdi. Safarbarchilar guruh guruh davra qurishdi. Ota onalar, qarindosh urug`larning qo`yarda qo`ymay tutqazishgan emishlari o`rtaga qo`yildi. Biroq bu emishlaru, dam olishlar hech kimga huzur bag`ishlay olmasdi. Ba`zan aytilayotgan hazil mutoyibalar ham zo`rma zo`raki, hol ahvol so`rashlar ham shunchaki taomil uchun ekanligi sezilib turardi. Gohida birdaniga “boriladigan joyga tezroq etib borsak ekan” degan kayfiyat paydo bo`lardi yu, dam o`tmay u “qayoqqa ham shoshamiz” degan xotirjamlik bilan almashardi. Ora sira oxirgi manzilimiz haqidagi taxminiy gaplar ham o`rtaga chiqib turardi. Kimdir “hammamiz Voroshilov o`qchilarimiz, to`g`ri borib jangga kirishamiz” desa, yana kimdir “bizni komandirlar tayyorlaydigan o`qishga olib borisharmish”, degan taxminni aytardi. Biroq bu gaplarni ham birov eshitib, birov eshitmasdi, to`g`rirog`i, eshitib, bu to`g`rida bosh qotirishni hech kim istamasdi. Biroq “voenkomat”dagi kuzatuv manzaralari hammaning ko`z oldida turardi...

Mashinaga chiqish oldidan onajonim menga odatdagidek oq fotiha berdi. Ozg`in, qadoq qo`llarini bilashtirib, hovuchini ochdi-da, ajdodlar ruhiga duo o`qib, so`ngra Allohu Payg`ambarimizga iltijo qildi:

- Ilohim, oy borib, omon qaytgaysan. Ishonganim – Xudo. U seni hamma balolardan asrasin! 

Duo o`qib, qo`llarini yuziga tortar ekan, onamning aziz qo`llari ko`zyoshlariga yuvilganini ko`rdim. Meni tortib, bag`riga bosarkan, qulog`imga: “Jonginam, quvvatim, ko`zimning nuri” degan faryodga aylangudek alamli, titroq so`zlari eshitildi. Butun borlig`imni zirqiratgan bu so`zlar bir umrga qulog`imga o`rnashib, muhrlanib qoldi. 

Ikki kundan keyin biz o`zimizni Kattaqo`rg`on shahridagi komandirlar tayyorlaydigan o`quv yurtida ko`rdik. Og`ir, mashaqqatli mashqlar boshlandi... 

 

MATYoQUB QO`ShJONOV

Шарҳлар