my5
all

“O`zbekkino” koronavirus tufayli bir qator xalqaro kinoloyihalarni vaqtincha to`xtatadi

Madaniyat 16.03.2020, 15:07
699
“O`zbekkino” koronavirus tufayli  bir qator xalqaro kinoloyihalarni   vaqtincha to`xtatadi

Mamlakatimizda koronavirus tarqalishining oldini olish bo`yicha O`zbekiston hukumatining tavsiyalaridan kelib chiqqan holda, “O`zbekkino” Milliy agentligi bir qator muhim  kinoloyihalarni amalga oshirishni to`xtatmoqda.  

“O`zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish bo`yicha zarur choralarning kuchaytirilishi munosabati bilan “O`zbekkino” mamlakatimiz hududida kelishuvlar doirasida amalga oshirilayotgan xalqaro kinoloyihalarni suratga olish ishlarini to`xtatishga majbur bo`lmoqda. Biz, shuningdek suratga olish guruhlarining xorijiy safarlarini ham to`xtatyapmiz. Buni bizning tomonimizdan yuzaga kelgan fors-major  holati  sifatida qabul qilishingizni  iltimos qilamiz. Siz,  xorijiy hamkorlarimiz bilan o`rnatilgan aloqalarni yuksak qadrlaymiz.  Sizni  tez fursatda mavjud vaziyat bilan bog`liq har qanday o`zgarishlar haqida xabardor qilamiz. Sizni ishontirib aytamanki, loyihalarni albatta amalga oshiramiz. Bizni tushunganingiz uchun tashakkur”, - deyiladi “O`zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduholiqovning bir qator yirik kinokompaniyalarga yo`llagan murojaatida.  

Mazkur holat yuzasidan, oldin matbuotda e`lon qilingan bir qator hamkorliikdagi loyihalarni suratga olish ishlari noma`lum muddatga qoldirildi. Xususan  Zahiriddin Muhammad Bobur hamda Boburiylar sulolasi haqidagi  kinoserial («EMMAY ENTERTAIMENT» kinokompaniyasi, Hindiston,  byudjet – $10 mln), «Malenkiy Muk» (“Kichkina Muk”) oilaviy badiiy filmi (STV kinokompaniyasi, Rossiya. Byudjet –$9 mln.ga yaqin), «Mister Nokaut» sport-dramasi (“Kinodom” kinokompaniyasi, Rossiya. Byudjet - $3 mln), Farhod Mahmudov rejissyorligidagi «Podarok fei» (“Parining sovg`asi”) ertak-filmi  (Byudjet - $ 1 mln.) Bi-bi-Si buyurtmasiga binoan,  Abu Ali Ibn Sino faoliyati haqida  “Clan production” media-kompaniyasi tomonidan  suratga olinishi mo`ljallangan hujjatli film, Malayziyaning RTM telekompaniyasi hamkorligidagi, Imom al-Buxoriy hayoti va faoliyatiga bag`ishlangan 10 qismli hujjatli film, ushbu davlatning “Akila Emas” hamkorligidagi 5 qismli O`zbekiston haqida hujjatli filmlari shular jumlasidandir.  

Bundan tashqari, “O`zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasi bilan  mamlakatimizdan tashqarida suratga olinayotgan barcha filmlar va seriallarni tasvirga olish ishlari noma`lum muddatga ko`chirildi. Rossiyada   “Baron. Qaytish” (Rossiyaning  «Inferno» prodyuserlik markazi bilan hamkorlikda, byudjet –$1,5mln. atrofida), Rossiya va Belarusda o`zbek adabiyotining atoqli vakillari Hamid Olimjon va Zulfiya hayoti haqida hikoya qiluvchi “Muhabbat bahori” (Byudjet $700 ming) badiiy filmlari shular jumlasidan. Qolaversa, 2020 yilning 27-29 mart kunlari mamlakatimizda o`tkazilishi mo`ljallangan “Yapon kinosi kunlari”, shuningdek, aprel oyiga mo`ljallangan “Nemis kinosi kunlari” doirasidagi “Shlingel” (“Shum bola”) festivali hamda “Tatar kinosi kunlari”  ham vaqtincha qoldiriladi.  

«O`tgan yilning sentyabr oyidan boshlab, ko`pgina davlatlarga borib, uchrashuv va taqdimotlar o`tkazdik. Natijada bizning bozorga  qator xorijiy kinokompaniyalarni hamkorlikda ishlashga jalb qilgan edik. Xorijiy kinokompaniyalar bilan hamkorlikda suratga olinishi mo`ljallangan kinoloyihalarning umumiy qiymati taxmi nan 25 mln AQSh dollarini tashkil etadi. Ayni paytda barcha hamkorliklarimiz vaziyatni tushungan holda, taklifimizni to`g`ri qabul qilib, koronavirus xavfi bartaraf etilishi va hamkorlikdagi ishlarimiz tiklanishini kutishmoqda” – deydi “O`zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

Шарҳлар