my5
all

Faoliyatda ishtirok etmayotgan ta`sischini jamiyat ta`sischilari ro`yxatidan chiqarsa bo`ladimi?

Savol-javob 03.03.2020, 16:36
2247
Faoliyatda ishtirok etmayotgan ta`sischini jamiyat ta`sischilari ro`yxatidan chiqarsa bo`ladimi?

— Bundan bir necha yillar ilgari bir necha kishi birgalashib mas`uliyati cheklangan jamiyati tuzgan edik. MChJ ayni paytda, turli sohalarda ishlab, o`z faoliyatini kengaytirib kelmoqda. Ta`sischilarimizdan biri ancha vaqtdan beri jamiyatning biror faoliyatiga aralashmay, umumiy yig`ilishlarda ham qatnashmaydi. Jamiyat nizomi va ta`sis shartnomasida jamiyatga oid barcha masalalar ta`sischilarning 100 foizlik ovozi bilan hal qilinishi ko`zda tutilgan. Shu holatda, qanday yo`l tutish mumkin? Faoliyatda ishtirok etmayotgan ta`sischini jamiyat ta`sischilari ro`yxatidan chiqarsa bo`ladimi?

N.Nozimov, Buxoro viloyati

Aziz SAFAROV, Romitan tumanlararo iqtisodiy sudi raisi:

— O`zbekiston Res­publikasi “Mas`uliya­ti cheklangan hamda qo`shimcha mas`uliyatli jamiyatlar to`g`risida”­gi Qonuni 8-moddasining ikkinchi qismiga ko`ra, jami ulushlari jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) kamida o`n foizini tashkil etadigan jamiyat ishtirokchilari o`z majburiyatlarini qo`pol buzayotgan, yoxud o`z harakatlari (harakatsizligi) bilan jamiyatning faoliyat ko`rsatishiga imkon bermayotgan yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotgan ishtirokchini jamiyatdan sud tartibida chiqarilishini talab qilishga haqlidirlar. O`zbekiston Respublikasi Oliy xo`jalik sudi Plenumining 2014 yil 20 iyundagi “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari to`g`risida”gi 262-sonli qarorining 19-bandida jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida o`n foizini tashkil etadigan bitta ishtirokchi ham, jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida o`n foizini tashkil etadigan bir nechta ishtirokchi ham bunday talab bilan sudga murojaat qilishi mumkinligi, sudlar ushbu toifadagi ishlarni ko`rishda javobgar o`z majburiyatlarini qo`pol buzayotganligi, harakatlari (harakatsizligi) bilan jamiyatning faoliyat ko`rsatishiga imkon bermayotganligi yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotganligi holatlari mavjudligini aniqlashlari lozimligi ko`rsatilgan.

Mazkur holatda, siz iqtisodiy sudga jamiyat faoliyatida ishtirok etmayotgan ta`sischini jamiyat ishtirokchilari safidan chiqarish to`g`risidagi da`vo arizasi bilan murojaat qilishingiz mumkin.

Sadoqat ALLABERGANOVA

Шарҳлар