my5
all

Yadro poligonida xizmat qilganlarga imtiyoz bormi?

Savol-javob 27.02.2020, 17:15
1647
Yadro poligonida xizmat qilganlarga imtiyoz bormi?

— 1969-1970 yillarda yadro poligonida xizmat qilganman. Mudofaa vazirligi tomonidan tashakkurnoma berilgan. Menga qanday imtiyozlar mavjud?

Baxtiyor Jo`raev, Toshkent viloyati Bo`ka tumani

 

Shohnur ERNAZAROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti yuridik bo`limi boshlig`i, adliya leytenanti: 

— Fuqaroni qiziqtirgan masala O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 30 maydagi “Yadro poligonlarida va boshqa radiasiya-yadro ob`ektlarida harbiy xizmatni o`tagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash to`g`risida”gi PF-3079-son Farmoni va 2002 yil 31 maydagi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yadro poligonlarida va boshqa radiasiya-yad­ro ob`ektlarida harbiy xizmatni o`tagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlashni ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi  188-sonli qarori bilan tartibga solinadi. Yuqorida nomi keltirilgan hujjatlarda yadro poligonlarida va boshqa radiasiya-yadro ob`ektlarida harbiy xizmatni o`tagani uchun imtiyozlar nazarda tutilgan. Belgilagan imtiyozlar tegishli tasdiqnomaga ega bo`lgan shaxslarga, ular pensiya yoshiga etganda tatbiq etiladi.

Fuqaro Baxtiyor Jo`raev ham ayni shunday shaxslar ro`yxatida 46-raqam bilan qayd etilgan (2019 yil yanvar oyidagi holat bo`yicha).

Agar fuqaro pensiyaga chiqqan bo`lsa, mazkur toifa shaxs­lar qatorida quyidagi imtiyozlarga ega bo`ladi:

— Sanatoriy-kurort yo`llanmalari, protez-ortopediya buyumlari (tishni protez qilishdan tashqari) va eshitish apparatlari, shifokorning resepti bo`yicha dori-darmonlar bilan bepul ta`minlash;

— Mehnat qobiliyatini vaqtincha yo`qotganlik bo`yicha nafaqalarni ish stajidan qat`i nazar, to`liq ish haqi miqdorida to`lash;

— Yillik ta`tildan o`zlari uchun qulay vaqtda foydalanish, shuningdek, har yili ish haqi saqlangan holda kamida 12 ish kuni davomidagi qo`shimcha ta`til olish;

— Istiqomat joyida ma`muriy tuman doirasidagi qishloq joylarda jamoat foydalanadigan avtomobil transportida (taksi bundan mustasno), shuningdek, shahar atrofida qatnovchi temiryo`l transportida va shahar atrofi yo`nalishlaridagi avtobuslarda bepul yurish;

— I va II guruh nogironlariga – bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida;

— III guruh nogironlariga – bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 28 fevraldagi 71-sonli qarorining 1-bandiga asosan yadro poligonlarida va boshqa radiasiya-yadro ob`ektlarida harbiy xizmatni o`tagan pensiya yoshidagi nogiron xodimlar vaqtinchalik mehnat qobiliyatini yo`qotganda oylik ish haqining to`liq miqdorida saqlanib qoladi.

Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist

Шарҳлар