my5
all

“Toshda ham yurak bor” Yoxud Bobur Mirzoning dastxati tushirilgan tarixiy tosh qaerda saqlanmoqda

Mutolaa 14.02.2020, 11:10
2957
“Toshda ham yurak bor” Yoxud Bobur Mirzoning dastxati tushirilgan  tarixiy tosh qaerda saqlanmoqda

Buyuk davlat arbobi, shoir va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur toshlarda she`rlar bitgani haqida o`zining mashhur asari “Boburnoma”da ham eslatib o`tgan. U yozadi: “Maschoning quyig`i kenti Obburdandur. Bu Obburdandin quyiroq bir chashma tushubtur, bu chashma boshida mazoredur. Ushbu chashmadin yuqqori Mascho doxilidur. Quyi Palg`arg`a taalluqdur. Ushbu chashma boshida, chashma yoqasidag`i toshida qazib, uch baytni sabt ettim:

Shunidam, ki Jamshidi farruxsirisht,

Ba sarchashmae bar ba sange navisht:

“Bar in chashma chun mo base dam zadand,

Biraftand, to chashm barham zadand.

Giriftem olam ba mar- diyu zo`r,

Valekin naburdem bo xud ba go`r”.

Bu satrlar Shayx Sa`diyning qalamiga mansub bo`lib, uning mazmuni quyidagicha: “eshitdimki, qutluq tabiatli Jamshid bir buloq boshida tosh ustiga shunday deb yozgan ekan: bu buloq tepasida bizlar singari ko`p kishilar kelib o`tirdilar, ketdilar va yo`q bo`ldilar. Olamni mardlik va zo`rlik bilan oldik, lekin o`zimiz bilan go`rga eltmadik”, (“Boburno- ma”, T:, 1989y, 89-b). Satrlar oxirida u o`zining imzosini qo`ygan. “Boburnoma”da muallif Mastchoh tog`larida toshga qazib she`r va boshqa matnlarni tushirish odatga aylanganligini ham qayd etadi.

Aytish kerakki, Bobur Temuriylar saltanatini tiklashni o`z oldiga maqsad qilib qo`ygan edi. Ammo Samarqand, Toshkent va yana bir qancha shaharlarni katta kuchga ega bo`lgan Shayboniyxon ishg`ol etgandan so`ng u O`ratepaga keladi va bir muddat shu erda panoh topadi. Lekin Shayboniyxonning O`ratepa to- mon yurish boshlaganini eshitib, Obburdon dovoni orqali Mastchohga o`tadi. Ya`ni Bobur mazkur misralarni o`zining judayam qiyin ahvolda qolgan bo`lgan paytlarida yozgan.

Tojikiston Fanlar akademiyasi akademigi, atoqli muarrix Ahror Muxtorov “Boburnoma” asaridagi bu qaydlarni o`qiganidan keyin 1953 yil xuddi asarda ko`rsatib o`tilgan yo`nalish bo`yicha akasi bilan O`ratepadan Ovchi qishlog`iga kelib, bu erdan ikkita otga minib Obburdonga yo`l oladi. Bu haqida taniqli olim o`zining “Sang ham dile dorad” (“Toshda ham yurak bor”, bu so`z Mirzo Abdulqodir Bedilga taalluqlidir) kitobida “Yo`l azobi” sarlavhasi ostida batafsil hikoya qilgan.

Shu tariqa, olim yo`llarda jonbozlik ko`rsatib, tog`lar orasidan o`tib, Bobur qayd etgan Obburdondagi buloq boshidan o`sha tarixiy toshni topadi. Bu voqea boburshunoslik sohasida katta qadam hisoblanib, shov-shuvga sabab bo`ldi. Ushbu tosh 1960 yil Moskva davlat universitetida, 1985 yil esa Sankt-Peterburgdagi Ermitajda ko`rgazmaga qo`yiladi. Hozirgi kunda Bobur Mirzoning dastxati tushirilgan ushbu tarixiy tosh Tojikiston Fanlar akademiyasining Tarix, etnografiya va arxeologiya institutida saqlanmoqda.

Akademik A. Muxtorovning taxminiga ko`ra, Bobur Mirzo “Boburnoma”da toshdagi sanani ko`rsatishda adashgan bo`lishi mumkin. Zero, Bobur Samarqandni egallagan paytda u uch marotaba bu muzofotlarga kelgani aniq. “Boburnoma” bu voqealardan ancha keyinroq yozilgan. Shu boisdan toshdagi 917 hijriy (1511 m.) yili kitobda 907 yil, ya`ni 1501 yil deb ko`rsatilgan.

A. Muxtorov boburshunoslik borasidagi yana bir xizmati u tomonidan Bobur Mirzoning Zarafshon daryosidagi yuqori qismidagi qoyatoshlarda boshqa bir-nechta yozuvlarini ham kashf etgani hisoblanadi. Bobur Mirzo fors she`riyatini juda yaxshi bilganligi uchun ham u toshlarda fors shoirlarining baytlarini sabt (bitik) etgan. Masalan, A. Muxtorovning qayd etishicha, Bobur Shamtich qishlog`idagi qabriston hududidagi toshda quyidagi baytni yozib qoldirgan:

Kofaro, mardumshikoro, yak zamon ohistatar,

K-ohui bechoraro bo tiri paykon kor nest.

(Ya`ni: ey xalqqa ozor et- kazuvchi bedin, biroz shoshma, zero, sho`rlik kiyikning kamon o`qi bilan nima ishi bor?)

Veshab va Shamtich qishloqlari orasidagi yo`lida toshda bitilgan quyidagi misralarga e`tibor bering:

Dareg`i umr, ki be ro`yi do`ston guzarad,

Xusho dame, ki ba yoroni mehrubon guzarad.

(Ya`ni: do`stlar diydorisiz o`tgan umr armon (afsus) dir, Mehribon do`stlar bilan umrguzaronlik qilish xushdir (xayrlidir).

Bu misralar Bobur o`sha holatlarda, ya`ni o`z vatanini tark etib ketayogan asnosida naqadar murakkab, og`ir onlarni boshidan o`tkazayotganini ifoda etadi.

Shu tariqa, buyuk ajdodimiz Bobur Mirzoning toshdagi bitiklari uning hayotga, har qanday vaziyatga falsafiy, yuksak did bilan baho berib, jasurlik va matonat ko`rsatganini isbotlab beradi.

Shoqahhor SALIMOV

Шарҳлар