my5
all

Kasallik tarixini biling, keyin suyunchi oling (Hajviya)

Mutolaa 27.10.2019, 23:52
3577
Kasallik tarixini biling, keyin suyunchi oling (Hajviya)

“Inga-inga”tug`riqxonasi bosh shifokori Sevinchixon Pulchieva ertalab besh daqiqalik majlis o`tkazgan bo`lsa-da tushdan keyin shoshilinch ravishda yana hammani yig`ib dedi:

Hozirgina yuqoridan qo`ng`iroq bo`ldi. Jon-ponim chiqib ketdi. Xuddi peshonamni devorga urgandek. Xudo bir asradi. Necha marta aytaman, tug`ruqqa kelganlarning “kasallik tarixi” bilan shug`ullaning. Odamiga qarab muomala qiling, deb. Gapga kirmaysizlar. O`zlaring Xon ko`lankangiz maydon. Sizlarga faqat suyunchi puli olish bo`lsa bas.

Hamma "nima gap" degandek bir-biriga qaradi.

– Axir Toymas Toymasovichni kelini tug`ib yotibdi ekan-ku. Nega mening xabarim yo`q. Kim tug`dirdi,- dedi Sevinchixon Pulchieva.

– Men, – dedi Tangaxon Oldieva. – Kimligini surishtirmagandim. Lekin qo`chqordek o`g`il tug`di. Ahvoli yaxshi. 

– Toymas Toymasovichning xotini kelinini ko`rishga kelgan ekan, – dedi Pulchieva. – Kirgizmasdan derazadan gaplashtiribsizlar. – "Hali bizlarni tanimaydigan bo`ldilaringmi? Yoki tanitib qo`yalikmi" deb po`stagimni rosa qoqishdi. – Siz nega tug`ruqqa kelganlarning “Kasallik tarixi”ni o`rganmaysiz? Agar o`rganganingizda hozir majlis o`tkazib o`tirmasdik. Darrov Toymas Toymasovichning keliniga xizmatchi ajrating! Hech nimaga zoriqmasin. Uyidan ko`rishga odam kelsa palataga kirgizing, yana hurmat bilan kuzatib qoling. Hech qanday dori-dormon buyurmang! Tushundingizmi?

– Tushundim, – dedi Tangaxon Oldieva.

So`ngra Pulchieva telefon qo`ng`irog`ini o`chirib yana dedi.

– Bir narsa esimdan chiqibdi. – Kecha yo`lakda turib hamshiralaringiz bilan suyunchi puli olib turgan ekansizlar. – Sizlarga aql o`rgatib o`zimda qolmadi. Necha marta aytdim. Kamera ishlab turibdi. Ana-vi xonaga kirgizib, sekin bildirmasdan olsalaring bo`lmaydimi? Men shunday qilayapman-ku.

– Xo`p bo`ladi Sevinchixon Pulchieva. – Bundan keyin siz olayotgan xonada olamiz,  dedi Tangaxon.

– Xo`sh, Qaysarxon sizda tug`ruqlar qanday kechayapti? “Kasallik tarixi”ni  o`rganayapsizmi?

– O`rganyapman Sevinchixon Pulchieva. –Lalixon opa bor-u, Taqirboevni onasi, o`shani kelinini tug`dirdim.

–Voy, nega meningxabarim yo`q, – dedi Pulchieva.

– Men operasiya qilmoqchi bo`lgan ayolni "O`zim operasiya qilaman!" deb kirib ketganingizda keldi. Shoshilinch tug`dirdim.

–Siz boshqa tuqqanlarga qarayvering! - Lalixon opani keliniga o`zim qarayman dedi,- Pulchieva. -Xo`sh, To`ymasxon “kasallik tarixi” bilan qiziqayapsizmi?

– Ha, qiziqayapman, Sevinchixon Pulchieva. Hozirgina Soqi Boqievichning xotini tug`di.

– Vay, qanday yaxshi. - “Kasallik tarixi”ni yaxshi o`rganibsiz. – Agar biror xavf xatar bo`lsa-yam bizni Soqi Boqievichni o`zlari qutqarib qoladilar. Dori-darmon buyurmadingizmi?

– Hozircha buyurganim  yo`q.

– Buyurmang! Qanday dori kerak bo`lsa o`zim beraman. Agar kelinni ko`rgani kelsalar, derazadan baqirib yurmasinlar. Boshqalarning baqirgani ham etar. Rahmat sizga! – Doimo ana shunday “kasallik tarixi”ga e`tibor berib yuring.

Shu payt shoshganicha qoravul yigit kirib dedi:

“Tug`ruq” keldi.

– Sevinchixon Pulchieva dedi:

– To`ymasxon siz boring! – Kim  ekan-u? “Kasallik tarixi”ni o`rganing! Tag`in yana “dumi”mizni tugadiganlar chiqib qolmasin-a.

Bardi JUMANIYoZOV

Karikatura muallifi: Farangiz Atabaeva

Шарҳлар