my5
all

Tuhmat qilib qo`shimning oilasini buzganman... (Saratonga chalingan ayolning iqrori)

Mutolaa 26.10.2019, 23:46
3961
Tuhmat qilib qo`shimning oilasini buzganman... (Saratonga chalingan ayolning iqrori)

Tahririyatimizga kelgan bir muxlisamiz qo`shnisining taqdiri, afsus va nadomatlari haqida so`zlab berdi. Uning hikoyasini biroz badiiylashtirgan holda e`tiboringizga havola etmoqchimiz. Muallifning iltimosiga ko`ra hikoya qahramonlarining ismlari o`zgartirib berildi. 

Ko`p qavatli uylardan birida yashaymiz. Yaqinda domimizga Xafiza ismli beva ayol ko`chib keldi. U bilan tezda apoq-chapoq bo`lib ketdik. Bir kuni u o`zi haqida so`zlab berar ekan: “Erim bilan 10 yil yashab, farzand ko`rmadik va ajrashdik. U uylanib bolali-chaqali bo`ldi. Men esa yolg`iz qoldim... Kattalarning gapiga kirib, o`shanda farzand asrab olmaganimga afsus qilaman. Mana, endi yolg`izman. Ota-onam o`tib ketishgan. Opa-singillarim ham yo`q... Keling, opa-singil bo`laylik”, dedi. 

Mendan 5-6 yosh katta, mushtipargina ayol ekan. “Odam taftini odam oladi” deganlariday u bilan juda yaqin bo`lib ketdik. Qizlarim uy ishlariga qarashar, men har kuni holidan xabar olardim, shirin ovqat pishirsam mehmonga chaqirardim. 

Xafiza opa negadir ko`z o`ngimizda ozib-to`zib borardi. Keyin bilsam onkologik xastalikka duchor bo`lgan ekan... “Men tuhmatim uchun qarg`ishga qoldim. Kechirilmaslik yomon dard ekan...” deb yig`ladi. “Nega unday deyapsiz? Nima bo`ldi?” degan savollarim javobsiz qoldi...

Bir kuni ishdan qaytsam uyi qulflangan. Qo`shnilar “Tez yordam” kelib, opani shofoxonaga olib ketganini aytishdi. Tezda taom tayyorlab uni ko`rgani bordim. Axir meni singlim degan. Yo`limga ko`z tikib yotgandir...

Borsam Xafiza opa bir o`zi ikki kishilik palatada shiftga termulib yotgan ekan. Meni ko`rgach biroz chiroyi ochildi. So`ng issiq ovqatni eb olib, dilini g`ashlab yotgan dardlarini to`kib soldi:

–Men tinchgina yashayotgan devor darmiyon qo`shnim Irodaga tuhmat qilganman. Uni bevafolikda ayblab, odamlar orasida gap-so`z tarqatdim. Eri –Jasur katta idoraga rahbar edi. U xizmat safariga ketganida xotini Sobir do`konchi bilan don olishib yuradi. Tunda devor oshib kirganini o`zim ko`rdim dedim... Hamma menga ishondi. Bu gaplar erining qulog`iga etib, katta janjallar bo`ldi. Oxiri turmushlari buzilib ketdi. Uch nafar bolasi tirik etim bo`lib qolishdi...

Men uning baxtli hayotiga hasad qilardim. Chunki menda yo`q hamma narsa unda bor edi: risoladagiday er, farzandlar, dang`illama hovli, mashina, tilla baldoqlar, shoda marvaridlar... pul-boylik... Mening esa oilam buzilib, vaqtincha ijara uyda turgan vaqtlarim... Devor osha bu ayolning eri, bolalari bilan hazillashib kulgan tovushlari eshitilar, juda g`ashimni keltirardi... Mening bir og`iz gapim bilan ularning turmushi buzilib ketdi... 

Keyin devor osha go`daklarning “dada” deb yig`lashlari eshitila boshladi... yuragim dosh berolmay, u erdan ko`chib ketdim. Otasiz qolgan farzandlar, boquvchisidan ajralgan ayolning ko`z yoshlari tutdi meni! Afsuslar ich-ichimni kemirdi. Keyin shu dardga yo`liqdim...

Xafiza opaning gaplarini tinglab o`tirib, unga nima deb dalda berishni ham bilmay qoldim. Keyin o`sha ayolni topib, iqror bo`ling, kechirim so`rang. Ollohim kechirimli, bandalariga ham shunday bo`lishni buyurgan. Agar istasangiz, bu erdan chiqqaningizda, o`sha qo`shningizning uyiga olib boraman. U sizni kechirsa, albatta, tuzalib ketasiz, dedim. 

Opa rozi bo`ldi. Bir oycha davolanib chiqqach u menga shifoxonada aytgan gapimni eslatdi. U aytgan manzilga taksida etib bordik. Opa yashagan eski hovli qarovsiz nurab ketgan, Irodaning hovlisi oldidagi kichik gulzorda esa atirgullar barq urib ochilib yotardi. Tok ostida so`ri, ishkomda g`arq pishgan uzumlar tovlanardi. Darvozani Irodaning o`zi ochdi. Xafiza opa hadiksirab boqdi. Iroda uni tanidi, ammo muloyim jilmayib ichkariga taklif qildi. Choy olib kelib oldimizga cho`kdi. 

Xafiza opa unga bor gapni aytib berdi. Chin dildan yig`lab kechirim so`radi. Iroda uni o`sha paytdayoq kechirganini aytdi. Chunki bu gaplar yolg`onligini bilgan eri bir yilan so`ng oilasiga qaytgan, hozir farzandlari bilan juda baxtli yashasharkan. Boyagina eri bolalarni olib bozorga ketibdi.

Qo`shnim bu gaplarni eshitib yuzidagi parishonlik yorishdi. Ichidan ezib turgan nadomat iskanjasi qo`yib yuborgandek bo`ldi. 

Biz xayrlashib chiqib ketayotganda hovliga oppoq “Malibu” kelib to`xtadi. Undan Irodaning eri Jasur va ikki nafar farzandi tushib, biz bilan salomlashib, qo`lidagi paketlarni ko`tarib uyga kirib ketishdi. 

Shu voqeadan keyin qo`shnimning sog`ligi yaxshi tomonga o`zgara boshladi. Bir necha oydan keyin tibbiy ko`rikka borganida shifokorlar unga sog`aya boshlaganini aytishibdi. Opada yana hayotga umid uyg`ondi. 

Iqrorda gap ko`p... Bu voqeani barchaga ibrat bo`lsin deb yozdim. Toki bugungi mehr-muhabbat kamayib, insoniy hissiyotlar yo`qolib borayotgan bir vaqtda odamlar bir-biriga yomonlik qilishdan va tilashdan tiyilishsin. Chunki o`zgaga otilgan tosh o`zingizga o`qdek bo`lib qaytib kelar ekan. Uning jarohati osonlikcha bitmaydi...

Manzura BEKJONOVA 

Шарҳлар