25

O`zbekiston-Janubiy Koreya savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi

Jamiyat 30.05.2014, 11:56
3942
O`zbekiston-Janubiy Koreya savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi

29 may kuni poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha O`zbekiston-Janubiy Koreya hukumatlararo qo`mitaning navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi ishlar, iqtisodiyot, moliya, neft-gaz, savdo-sarmoya, avtomobilsozlik, qishloq va suv xo`jaligi, oziq-ovqat va kimyo sanoati, to`qimachilik, mehnat va ijtimoiy himoya, farmasevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, aviatashuv, atrof-muhit muhofazasi, aloqa va axborotlashtirish, geologiya kabi sohalari uchun mas`ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.

Koreya Respublikasi O`zbekistonning uzoq muddatli va ishonchli strategik sherigi hisoblanadi. Mamlakatlarimiz iqtisodiy yo`nalishda katta salohiyat va imkoniyatlarga ega. Bu borada ikki davlat o`rtasida eng ko`p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan.

2013 yilda o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 2,1 milliard AQSh dollaridan oshdi. O`zbekistonda Janubiy koreyalik ishbilarmonlar bilan tashkil etilgan qariyb 420 qo`shma korxona faoliyat ko`rsatmoqda. Koreya Respublikasining saksonga yaqin kompaniyasi mamlakatimizda o`z vakolatxonasini ochgan. Ular savdo, to`qimachilik va engil sanoat, tog`-kon metallurgiyasi, kimyo va oziq-ovqat sanoati, mashinasozlik, metallni qayta ishlash, sayyohlik, sog`liqni saqlash, transport xizmati ko`rsatish kabi sohalarda ish yuritadi.

Janubiy koreyalik biznes vakillari ishtirokida yurtimizda qator strategik loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Surg`il” koni negizida qiymati qariyb to`rt milliard dollarlik Ustyurt gaz-kimyo majmuasi barpo etilmoqda. U neft-kimyo sohasida dunyodagi eng yirik loyihalardan biridir.

Majlisda O`zbekiston va Koreya Respublikasi o`rtasida izchil rivojlanayotgan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik o`zaro munosabatlarni yanada kengaytirish, istiqbolli qo`shma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini berayotgani qayd etildi.

Tadbirda mehmonlarga mamlakatimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalarida ish yuritish uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, shuningdek, axborot texnologiyalari va telekommunikasiyalar sohasida olib borilayotgan ishlar to`g`risida ma`lumot berildi.

O`zbekiston bilan Janubiy Koreya o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish masalalari  yuzasidan fikr almashildi.

Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirining iqtisodiyot masalalari bo`yicha o`rinbosari An Chong Gi O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida ham uchrashuv o`tkazdi. 

Шарҳлар