28

O`zbekiston Prezidenti “Barkamol avlod” sport o`yinlari qatnashchilariga tabrik yo`lladi

Jamiyat 30.05.2014, 10:46
2184
O`zbekiston Prezidenti “Barkamol avlod” sport o`yinlari qatnashchilariga tabrik yo`lladi

Qadrli farzandlarim!

Avvalambor, siz, aziz bolalarimni, sizlarni qutlab turgan muhtaram ustoz-murabbiylar, ota-onalar, yoru do`stlaringizni O`zbekiston hayotidagi ulkan voqea – yoshlik, kamolot va sport bayrami – “Barkamol avlod” o`yinlarining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman, barcha-barchangizga sog`lik-salomatlik, baxt-saodat, yangi-yangi omadlar tilashdan baxtiyorman.

Ayni shu kunlarda yanada chiroy ochib borayotgan Namangan zaminiga, ushbu musobaqalarga chuqur tayyorgarlik ko`rib, sizlarni bag`rini keng ochib kutib olayotgan, mehr-oqibat, odamiylik kabi fazilatlarning o`rnini, qadrini biladigan, mehnatkash va mehmondo`st Namangan ahliga, mana shu muazzam stadionda to`planib turgan sizlarning barchangizga o`zimning yuksak hurmatimni izhor etishdan xursandman. 

Aziz bolalarim, farzandlarim!

Biz bugun mamlakatimizda yangi davlat, yangi jamiyat barpo etmoqdamiz. Lo`nda qilib aytganda, biz o`z oldimizga qo`ygan buyuk maqsadlar, ya`ni, dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqimizning hayot darajasi va farovonligini oshirish, o`z erkinligimizni, o`z mustaqilligimizni himoya qilishga qodir bo`lish, jahon miqyosida o`zimizga munosib o`rin egallash – bunday ulug`vor vazifalar bugungi kunda, hech shubhasiz, barchamizga yaxshi ayondir.

Albatta, bunday oliy maqsadlarga erishish barchamizdan og`ir va mashaqqatli mehnatni, katta sinovlardan o`tish, boshlagan yo`limizni davom ettirishni, fidoyilikni, bir yoqadan bosh chiqarib, birdamlik bilan harakat qilishni, kurashishni talab etadi.

Yana bir fikrni chuqur anglab olishni istardim. Biz ko`zlagan yuksak marralarga erishishning eng katta, eng muhim sharti va omili – bu avvalambor ham jismoniy, ham ma`naviy jihatdan sog`lom, hech kimdan kam bo`lmasdan, boshini baland ko`tarib yashaydigan, Vatanimizning taqdiri va istiqboli uchun mas`uliyatni o`z zimmasiga olishga qodir bo`lgan barkamol avlodimiz, mana shu muhtasham stadionda to`plangan sizlar kabi ming-minglab yoshlarimiz, o`z farzandlarimizdir.

Biz orzu qilgan, biz intilayotgan buyuk kelajagimizni qurishda, barpo etishda biz siz, azizlarni eng katta ishonchimiz, eng katta tayanchimiz, deb bilamiz. 

Hech shubhasiz aytish mumkin – bugungi kunda ona yurtimizda dunyodagi boshqa mamlakatlarning havasini tortayotgan zamonaviy ta`lim va tarbiya tizimi, o`quv maskanlari barpo etilgan. Bolalarimiz to`qqiz yillik umumta`lim maktablarini bitirib, qishloq va shaharlarimizda yangitdan qurilgan 1500 dan ziyod eng zamonaviy lisey va kollejlarda 3 yil davomida tahsil oladi. Bu o`quv yurtlari eng ilg`or ilm-fan va taraqqiyot sirlarini o`zlashtirishga, 2-3 ta kasb-hunarni, xorijiy tillarni, Internet va axborot-kommunikasiya texnologiyalarini puxta egallashga imkon yaratadi va bugungi zamon talabiga javob beradigan etuk mutaxassislarni tayyorlaydi.

Eng muhimi, yigit va qizlarimiz ana shu lisey va kollejlarni bitirib, o`z ona yurtiga, o`z Vataniga sadoqatli bo`lish maktabini o`taydi, hayotga ongli qadam qo`yishga, jamiyatda o`ziga munosib o`rin topishga tayyor bo`ladi.

Mening ishonchim komil – ham bilim, ham kasb-hunar beradigan bunday o`quv yurti, bilim o`chog`ini bitirib chiqqan siz aziz bolalarimizning har biri, mana, men hech kimdan kam bo`lmay, ozod Vatanda voyaga etdim, endi mening kelajagim o`z qo`limda, ota-onam, el-yurtimning ishonchini oqlayman, degan fikr bilan yashashi muqarrar. Bunday avlodning qaddi ham, qadri ham baland, ertangi kuni albatta yorug` bo`ladi. 

Hurmatli musobaqa ishtirokchilari!

Bugungi kunda unib-o`sib kelayotgan, barkamol avlod bo`lib voyaga etayotgan yoshlarimizning barchasi o`z hayoti, o`z kelajagini sportsiz tasavvur etolmaydi, desam, ayni haqiqatni aytgan bo`laman.

Sizlarning bilim va kasb-hunar cho`qqilarini egallash bilan birga, sportga mehr qo`yib, xalqaro olimpiada o`yinlarining barcha belgi-alomatlarini o`zida mujassam etgan ushbu “kichik Olimpiada”ning final bosqichiga etib kelish uchun qanday tinimsiz mashq qilganingiz, iroda va mahorat ko`rsatib, qanday sinov va qiyinchiliklarni engib o`tganingizni men o`zimga yaxshi tasavvur qilaman. Sizlarning mana shunday marralarni qo`lga kiritganingizning o`zi, hech shubhasiz, katta g`alaba. 

Agar 2011 yilda bo`lib o`tgan “Barkamol avlod” musobaqalarining saralash bosqichida 700 mingdan ortiq o`quvchi ishtirok etgan bo`lsa, 2014 yilda bu raqam 810 ming nafarni tashkil etayotgani ham, mazkur bellashuvlarning qamrovi kengayib, kurash maydonlaridagi bahslar naqadar qizg`in va murosasiz kechganidan dalolat beradi.

Barchamiz yaxshi bilamizki, hayotdagi har qanday yutuq, ayniqsa, sport olamidagi g`alaba o`z-o`zidan kelmaydi. Sport maydonlarida erishiladigan yutuq – bu avvalo butun borlig`ini safarbar etib, o`z oldiga qo`ygan maqsad yo`lida o`zini engib, o`zini ayamasdan, kurashib yashaydigan insonning yutug`i, ana shu insonni tarbiyalab voyaga etkazgan ta`lim-tarbiya maskanining, butun jamiyatimizning yutug`idir.

Hech ikkilanmasdan aytish mumkin: katta sportga intilgan, bu yo`lda endigina o`zining ilk qadamini qo`yayotgan har qaysi yosh sportchimiz bugun jahon maydonlarida Vatanimiz bayrog`ini baland ko`tarib kelayotgan, nomlari butun O`zbekistonda mashhur bo`lgan o`nlab-yuzlab sportchilardan o`rnak va ibrat oladi.

Shular qatorida boks bo`yicha jahon chempioni Bektemir Meliqo`ziev, stol tennisi bo`yicha xalqaro turnir g`olibi Tohir Salimov, dzyudo bo`yicha jahon chempionatining kumush medali sovrindori Sarvar Shomurodov, shaxmat bo`yicha jahon chempionati sovrindori Mohinur Qahramonova, boks, tennis, og`ir atletika, stol tennisi bo`yicha xalqaro turnirlar g`oliblari Sunnatilla Bahodirov, Humoyun Sultonov, Otaxon Imomov hamda Saidaxon Kazakova, yunon-rum kurashi, taekvondo va dzyudo bo`yicha Osiyo chempionati sovrindorlari Qamariddin Zayniddinov, Temur Hakimov, G`afur Aktamov singari iste`dodli yoshlarimizning nomlarini bugun hurmat bilan tilga olamiz.

Aziz va suyukli farzandlarim!

Barchangizning hayotingizda yorqin sahifa bo`lib qoladigan, qizg`in va halol kurashlar ruhida, o`zaro hurmat, bag`rikenglik muhitida o`tadigan musobaqalarda sizlarga muvaffaqiyat tilar ekanman, bir fikrni takror va takror aytmoqchiman. 

Biz o`z oldimizga qo`ygan buyuk marralarni egallash yo`lida kundalik hayotimizda amalga oshirayotgan, butun dunyo tan olayotgan reja va dasturlarimiz, o`sish sur`atlarimiz, kundan-kunga qiyofasi o`zgarib, kuch-qudratga to`lib borayotgan go`zal va betakror ona yurtimiz, eng muhimi, rivojlangan mamlakatlardagi tengdoshlari bilan tillashuv va bellashuvga tayyor bo`lib, tobora hal qiluvchi kuch darajasiga ko`tarilayotgan siz, aziz yoshlarimiz, farzandlarimiz bilan biz ko`zlagan maqsadlarimizga albatta erishamiz. Bunga hech qanday shubha bo`lmasligi kerak.

Mening tilagim, da`vatim shuki, Vatanimizning, olijanob xalqimizning ana shunday mehri va ishonchiga doimo munosib bo`ling, marrani hamisha baland olib, bilimga, izlanish va o`rganishga intilib yashang, hech qachon bo`sh kelmang, aziz bolalarim!

Fursatdan foydalanib, “Barkamol avlod” o`yinlarini yuksak saviyada o`tkazish uchun zamonaviy sport majmualari va ijtimoiy infratuzilma ob`ektlarini barpo etgan mohir quruvchilarga, me`mor va muhandislarga, ana shunday ezgu ishlarga katta hissa qo`shgan mutasaddi va homiy tashkilotlarga, butun Namangan ahliga o`z nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.

Sizlarni bugungi sport bayrami bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga kelgusi hayotingizda yangi-yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Шарҳлар