28

“Barkamol avlod – 2014” sport musobaqalari ochiq deb e`lon qilindi

Sport 30.05.2014, 10:17
4287
“Barkamol avlod – 2014” sport musobaqalari ochiq deb e`lon qilindi

Namangan shahrida o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi tizimi o`quvchilarining “Barkamol avlod – 2014” respublika sport musobaqalari  boshlandi.

Namanganning “Navbahor” stadionida “Barkamol avlod – 2014” sport musobaqalarining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi, deya xabar beradi O`zA.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan va yoshlarimizning sevimli sport anjumaniga aylangan uch bosqichli sport musobaqalari 2000 yili Universiada bilan Namanganda boshlangan edi.

Musobaqalarning ochilish marosimida yigirma mingdan ziyod tomoshabin qatnashdi.

Maydonga Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarning terma jamoalari kirib keladi.

Namangan viloyati hokimi B.Yusupov akademik lisey va kasb-hunar kollejlari o`quvchilarining “Barkamol avlod – 2014” sport o`yinlarini ochiq, deb e`lon qiladi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Barkamol avlod – 2014” sport o`yinlari ishtirokchilariga tabrigini Prezidentning davlat maslahatchisi X.Sultonov  o`qib eshittiradi.

“Barkamol avlod – 2014” sport musobaqalari ishtirokchilari bo`lajak  bellashuvlarda halol va murosasiz kurashishga tantanali qasamyod qiladilar.

Bu borada “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalaridan iborat uzluksiz sport tizimining ahamiyati beqiyos. Mazkur uch bosqichli noyob sport tizimi mutaxassislar tomonidan yangi pedagogik texnologiya sifatida e`tirof etilib, bugun ko`plab davlatlar katta qiziqish bilan o`rganayotir.

Mazkur tizimning o`rta bo`g`ini – “Barkamol avlod” sport musobaqalari  oltinchi marotaba o`tkazilmoqda. Mazkur musobaqaga ilk marotaba 2001 yilda Jizzaxda start berilgan edi. Musobaqaning mamlakat bosqichida tuman, shahar, viloyat miqyosidagi bellashuvlarda o`z iqtidori va qobiliyatini namoyon etgan eng sara sportchilar qatnashadi. “Barkamol avlod” bellashuvlarida qayd etilayotgan natijalar, ko`rsatkichlar, rekordlar yildan-yilga o`sib borayotgani yoshlarimizning sportdagi salohiyati yuksalayotganidan dalolatdir.

Musobaqalarga Andijon, Chirchiq, Nukus va Termiz shaharlari mezbonlik qildi. Ularda qatnashgan yoshlarning iqtidori va mahorati muntazam oshib borayotganini ko`plab sportchilarimiz xalqaro maydonlarda salmoqli yutuqlarga erishayotganida ham ko`rish mumkin. Jumladan, Jamshid Iskandarov va Igor Sergeev futbol bo`yicha mamlakatimiz o`smirlar terma jamoasi safida Osiyo va jahon chempionatlarida to`p surdi. Badiiy gimnastikachi Komila To`xtaeva, Veronika Esipova va Ravilya Farxuddinova, shaxmatchi Nodira Nodirjonova, Hulkar Tohirjonova, engil atletikachi Ruslan Qurbonov, Zarnigor Ortiqova, suzish bo`yicha O`zbekiston rekordchisi Yulduz Qo`chqorova qit`a miqyosidagi musobaqalarda ko`p bor shohsupaga ko`tarildi. Polvonlarimizdan  belbog`li kurash bo`yicha uch karra jahon chempioni Rustam Umarov, kurash bo`yicha yoshlar o`rtasida jahon chempioni Shahboz Saidmurodov kabi sportchilarimizning nufuzli musobaqalarda erishayotgan natijalari  muxlisu mutaxassislar tomonidan yuksak baholanmoqda. 

“Barkamol avlod – 2014” sport o`yinlari olovini badiiy gimnastika bo`yicha O`zbekiston chempioni, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Shohista Rashidova va belbog`li kurash bo`yicha uch karra jahon chempioni Rustam Umarov yoqadi.

Mutaxassislar va keng jamoatchilik tomonidan “Kichik Olimpiada”, deb ta`riflangan uch bosqichli uzluksiz sport tizimi musobaqalari Olimpiya o`yinlari qoida va talablari asosida o`tkaziladi. E`tiborlisi, bu yilgi musobaqalar avvalgisidan to`rtta ko`p, ya`ni sportning o`n olti turi – basketbol, voleybol, futbol, qo`l to`pi, belbog`li kurash, dzyudo, yunon-rum kurashi, erkin kurash, boks, taekvondo, engil atletika, badiiy gimnastika, tennis, stol tennisi, suzish va shaxmat bo`yicha o`tkazilmoqda.

“Barkamol avlod” musobaqalari dasturiga kiritilgan sport turlari bo`yicha inshootlar, ishtirokchilar joylashtiriladigan mehmonxona, yotoqxona hamda boshqa ijtimoiy-maishiy ob`ektlar zamonaviy andozalarda ta`mirlanib, jihozlandi. Jumladan, “Do`stlik” tennis korti majmuasida 8 ochiq va ikkita yopiq kort, Namangan Olimpiya zaxiralari kollejining basketbol zali, “Pahlavon” sport majmuasining badiiy gimnastika zali, “Barkamol avlod” sport majmuasi, futbol, voleybol, qo`l to`pi, engil atletika, og`ir atletika maydonlari, suzish havzasi, shaxmat paviloni, Oliy sport mahorati maktabining boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash, yunon-rum kurashi zallarida musobaqalarning yuqori saviyada o`tishini ta`minlash uchun barcha qulayliklar yaratildi.

Namangan davlat universiteti, Namangan muhandislik-pedagogika, Namangan muhandislik texnologiya institutlari va bir qator kollejlarning turar-joylari va sport zallari, inshootlarida keng ko`lamdagi ta`mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Musobaqa ishtirokchilari uchun o`quv yurtlarining yotoqxona majmualari ta`mirlanib, qulay shart-sharoitlar yaratildi.

“Barkamol avlod – 2014” bellashuvlarining final bosqichi qatnashchilari uchun qiziqarli va ko`ngilochar tadbirlarga boy katta madaniy dastur tayyorlandi. Unda taniqli sportchilar, yozuvchi va shoirlar, san`at namoyandalari bilan uchrashuvlar, diqqatga sazovor joylarga sayohatlar, turli konsertlar, badiiy film va spektakllar namoyishlari, “Istiqlol” dizayn markazi, “Iftixor kiyim sanoat”, “Nestle O`zbekiston” kabi zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishtirish singari tadbirlar ko`zda tutilgan.

“Barkamol avlod – 2014” sport musobaqalari o`yinlarining tantanali ochilish marosimi katta konsert dasturi bilan yakunlandi.

“Barkamol avlod – 2014” sport musobaqalarining ochilish marosimida O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoev  ishtirok etdi.

                                     

Шарҳлар