28

O`zbekiston-Latviya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo`lib o`tdi

Jamiyat 29.05.2014, 11:50
2179
O`zbekiston-Latviya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo`lib o`tdi

Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinshning  mamlakatimizga tashrifi doirasida 28 may kuni O`zbekiston va Latviya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo`lib o`tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, bank-moliya, yoqilg`i-energetika, mashinasozlik, aviatashuv, qurilish, qishloq va suv xo`jaligi, geologiya, oziq-ovqat, kimyo, engil sanoat, to`qimachilik, elektron mahsulotlar ishlab chiqarish, mebelsozlik, me`morchilik, farmasevtika, transport va transport kommunikasiyalari, logistika, bojxona, sug`urta, eksport-import, aloqa, axborot texnologiyalari va telekommunikasiyalar, sog`liqni saqlash, sayyohlik va fan-ta`lim kabi sohalar uchun mas`ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev ushbu biznes-forum mamlakatlarimiz o`rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va ijtimoiy yo`nalishlardagi hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qilishini alohida ta`kidladi.

Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinsh mamlakatlarimiz o`zaro hamkorlikni barcha sohalarda izchil rivojlantirish tarafdori ekanini, buning uchun har ikki davlatda ham salohiyat va imkoniyatlar katta ekanini qayd etdi.

Latviya – O`zbekistonning Evropa mintaqasidagi muhim hamkorlaridan.  Mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik mustahkam huquqiy asosga ega. Savdo-sanoat, sarmoya, soliq, transport va transport kommunikasiyalari, sayyohlik, standartlashtirish, madaniyat, fan-ta`lim kabi ko`plab sohalar bo`yicha hamkorlikka oid bitimlar imzolangan. Savdo, iqtisodiyot va sanoat sohasida O`zbekiston bilan Latviya o`rtasida eng ko`p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan. 

O`zbekistonning barqaror rivojlanayotgan iqtisodiyoti, biznes yuritish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar va imtiyozlar, qonun bilan kafolatlangan preferensiyalar hamda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik  omillari chet ellik biznesmenlarning, jumladan, latviyalik ishbilarmonlarning mamlakatimiz bilan faol hamkorlik qilishga  qiziqishini tobora oshirmoqda.

O`zbekiston va Latviyaning o`zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasidagi imkoniyatlari katta. 2013 yilda mamlakatlarimiz o`rtasidagi tovar ayirboshlash qariyb 250 million AQSh dollarini tashkil etdi. O`zbekistonda Latviya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 21 qo`shma korxona faoliyat ko`rsatmoqda. Ular mebelsozlik, neftni qayta ishlash, poligrafiya, transport va logistika, ulgurji savdo va xizmat ko`rsatish hamda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash kabi sohalarga ixtisoslashgan. Yurtimizda ushbu mamlakatning 19 etakchi kompaniyasi o`z vakolatxonasini ochgan.

Forumda Latviya ishbilarmonlariga mamlakatimizda iqtisodiyotni muttasil rivojlantirish yo`lida olib borilayotgan izchil islohotlar, sarmoya jalb qilishning ustuvor yo`nalishlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ravnaq toptirish omillari, moliyaviy tizimni barqaror taraqqiy ettirish borasidagi sa`y-harakatlar, “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalaridagi qulaylik va imtiyozlar to`g`risida ma`lumot berildi. Mehmonlar O`zbekistonning neft-gaz, konchilik, sayyohlik, avtomobilsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo`jaligi kabi sohalardagi salohiyati bilan tanishdi. Latviyaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va sarmoyaviy muhiti haqida so`z yuritildi.

Mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlik yalpi ichki mahsulotning muntazam o`sishida muhim omil bo`layotgani ta`kidlandi.

– O`zbekiston – Latviyaning Markaziy Osiyodagi ishonchli hamkorlaridan, – dedi Latviya Respublikasi iqtisodiyot vaziri Vyacheslav Dombrovskiy. – Mamlakatlarimiz o`rtasidagi o`zaro savdo aylanmasi muntazam o`sib bormoqda. Latviyada o`zbekistonlik sarmoyadorlar ishtirokida tuzilgan qo`shma korxonalar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ikki mamlakat o`rtasida muntazam amalga oshirilayotgan aviaqatnov sayyohlik sohasidagi istiqbolli hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qo`shmoqda. Latviya O`zbekiston bilan boshqa sohalar qatori ta`lim jabhasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor.

Biznes-forumda ikki mamlakat o`rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni, jumladan, transport va logistika, bank sektori, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, sanoat, sayyohlik, oziq-ovqat, engil sanoat, to`qimachilik va fan-ta`lim sohalaridagi aloqalarni yanada rivojlantirishga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi. O`zbekiston va Latviya ishbilarmonlari o`rtasidagi hamkorlik ko`lamini yanada kengaytirish va mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekani ta`kidlandi.

Anjumanda Latviyaning qator yirik kompaniyalaridan yuzga yaqin vakil ishtirok etganining o`ziyoq ushbu mamlakatning O`zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi katta ekanidan dalolatdir. "LDZ Cargo", "Astra Logistic", "Ave Trans Group", "BAO", "HCT Automotive", "IMC Scrapers EAME", "Baltbio", "Travel Agency Spare", "Tonus Elast", "Lauma Fabrics", "A&A Logistic" kabi kompaniyalar vakillari O`zbekiston bozoridagi o`z faoliyatini yo`lga qo`yish va kengaytirish niyatida ekanini qayd etdi.

Biznes-forum doirasida ta`lim, engil sanoat, to`qimachilik, eksportni qo`llab-quvvatlash va kommunal sohalarda hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi.

Shu kuni O`zbekistonning qator kompaniya va korxonalari hamda Latviya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperasion birja o`tkazildi. O`zbekistonda ishlab chiqarilgan bir qator tovarlarni eksport qilish bo`yicha shartnomalar tuzildi. 

Mehmonlar “General Motors Powertrain Uzbekistan” va “Rieter Uzbekistan” korxonalari faoliyati bilan tanishdi.

Шарҳлар