my5
all

Suratli test: yaponcha usul bilan imkoniyatlaringizni baholang

SUG'DIYONA 28.02.2018, 12:07
4324
Suratli test: yaponcha usul bilan imkoniyatlaringizni baholang

Bugun osongina, ammo juda qiziq testni ishlaymiz. Natija esa quvonarli bo`ladi — imkoniyatlaringiz va ularni zanjirlab turgan sabablarni bilib olasiz. Qani, imkoniyatlaringiz olamiga ketdik? Samolyotdami yo mashinada, deysizmi? Buni o`zingiz hal qilasiz.

Yo`riqnoma

Quyidagi oltita suratdan faqat bittasini tanlang. Birinchi e`tiboringizni tortgani, sizni ko`proq o`ziga jalb etgani va ulardan qay birini boshqarishni istashingizga qarab, albatta.Keyin tanlovingizga berilgan ta`rifni o`qing.

Velosiped

Kamina mana shu transport vositasini haydashni hech o`rgana olmadim-da. Qo`rquv bor! Ammo sizni bir paytlari shayton arava, deya ayrimlarni tahlikaga solgan velosipedni uchirib haydashingizga ishonamiz. Yo`g`-a, deyayotgan bo`lsangiz, adashasiz. Axir bir ishga kirishdingizmi, uddasidan chiqmaguncha qo`ymaydiganlar toifasidansiz-ku. Sizga velosipedda uchish ish bo`libdimi? Faqat bir kamchiligingiz bor-da, istagan cho`qqingizga chiqishingiz uchun o`z kuchingizgagina tayanishingiz kerakligini ba`zida unutib qo`yasiz. Atrofdagilardan yordam ta`ma qilish, ularning ko`magini kutish sizga umuman yarashmaydi. Axir jur`atli, orzulari ushalishiga ishonuvchi insonsiz! Demak, olg`a!!! O`zingizni qo`lga oling, kuchingizga ishoning. Qat`iyat, mehnatkashlik va iroda sizni g`alaba sari etaklaydi. Uyg`oning, sizni buyuk ishlar kutmoqda. Yo`lingiz esa tekis va ravon, velosipedni qat`iyat bilan uchirib haydashingiz mumkin. To`siqqa duch kelsangiz, uni aylanib o`tishni eplaysiz.

Mashina

«Ana mashinam, mana, mashinam, bittasiga o`tiring, madam!». Bu qo`shiqni bekor tilga olmadik. Ana shu taronadagi kabi sho`xlik, xonanda Jahongir Poziljonovnikidek tezkorlik, harakatchanlik, tavakkalchilik fe`lingizga begonaroq. Juda mayda qadamlar bilan, sokin harakatlanasiz. Yursammi-yurmasammi deb ko`p o`ylanasiz. Mashinalar yo`lida emas, maqsadlaringiz sari, albatta! Go`yoki shoshadigan joyingiz ham, unga eltuvchi biror vosita ham yo`qdek. Imkoniyatlaringizni nafaqat to`g`ri baholay olmaysiz, ularni umuman ko`rmaysiz. Tezlikni oshiring, jadallashing. Axir hayot har doim ham bir tekis kechmaydi. Bugun harakat qilib qolmasangiz, ertaga ayni bahorda qor yog`ib, ta`bingizni xira qiladi. Bemaqsad yashamang, nimalarni istaysiz, kelajagingiz qanday bo`lishini xohlaysiz — aniqlashtirib oling-da, katta qadamlar bilan ikkilanmasdan, qo`rqmasdan harakatni boshlang.

Avtobus

Siz yaqinlaringiz va do`stlaringizni juda qadrlaysiz. Boshqalarga yordam berish jonu dilingiz. O`zgalarning tashvishi, orzu-umidi bilan bo`lib, o`zingizni unutib qo`yasiz. Bu fe`lingizdan esa foydalanishadi, kerak bo`lsa, suiste`mol qilishlari ham mumkin. Boshqalarning hayotiga qadalib qolgan diqqatingizni chalg`iting, ya`ni o`z maqsadlaringiz sari yo`naltiring. Katta imkoniyatlar ostonasida turibsiz! Faqat rejalaringizni amalga oshiringizga kimdir xalaqit bermasligini ta`minlashingiz talab etiladi. Bu o`z qo`lingizda. Ya`ni qachonki siz hamma o`zining hayoti uchun javobgarligi va mas`uliyatni bo`yniga olishi kerakligini tushunib etsangiz, atrofdagilar ham nuqul shaxsiy manfaatlarini o`ylab, vaqtingizni o`g`irlashmaydi. Tushuning, mehr-muhabbat ko`rsatish uchuno`zdan kechib, o`zgalarga fido bo`lish shartmas. Yo`q deyishni, yaqinlaringiz bilan mushtarak maqsadlar yo`lidagina birga harakatlanib, ba`zi-ba`zida shaxsiy «mashina»ngizda faqat o`zingizniki bo`lgan orzu-istaklar sari otlanishni ham biling.

Poezd

Demak, sizning chiptangiz poezdga. Marhamat, joyingizga qulay o`rnashib oling. Ahvollaringiz qalay? Kayfiyatlar-chi? Ko`nglingiz nima tusaydi? «Meni hech kim bezovta qilmasin», deysizmi? Nega? Nima uchun yoningizda shuncha dilkash insonlar bo`lsa-da, ulardan o`zingizni olib qochasiz. Begonalar o`z yo`liga, ammo negadir yaqinlaringizning fikri, ularning hayotingizda tutgan rolini ham goh-gohida emas, deyarli hamisha e`tiborga olmaysiz. Faqat o`zingiznikini to`g`ri deysiz, mustahkam devor bilan o`ralgan qal`angizga qamalib olasiz. Yon-veringizga bir nazar soling, yaqin-uzoq tanishlarning fikr-mulohazalariga ham quloq tuting. Shunda qo`lingizdan nimalar kelishini tahlil qilish imkoniga ega bo`lasiz. Bu esa omad sari sizni etaklasa ajabmas.

Yaxta

Siz erkin qushsiz! O`z olamingizda uchib yuraverasiz. Atrofingizda nimalar sodir bo`layapti, beparvolik bilan qaraysiz. Deyarli ularga qiziqmaysiz ham. Іamma narsaga aql bilan yondashish, his-tuyg`ularni bir chetga surib qo`yish — prisipingiz. Sizni maqsadingizdan chalg`itish tugul xato yo`ldan qaytarmoq ham dushvor. Aniq rejalar bilan ishlashingiz, o`z fikringizda sobit turishingiz bir tomondan yaxshi. Ammo osmon uzilib, erga tushsa ham, ikki oyog`ingizni bir etikka tiqib olishingiz qanchalik o`rinli? Boshi berk ko`chaga duch kelganda, boshqa chiqish yo`llarini izlab ko`ring. Yo`q, men shu devorni oshib o`tishim shart deya, uning yonida umringizni o`tkazishni istamassiz, axir. Bir rejangiz amalga oshmadimi, uning atrofida o`ralishib qolmang, qo`lingizda minglab imkoniyatlar bor, ularni ishga soling.

Samolyot

Kumush qanotli qushni tanlabsizmi, demak, siz doim baland parvozlarni ko`zlaydigan insonsiz. Tasavvur olamingiz shunchalik kengki, pushti ko`zoynakni taqqancha uni aylanib yuraverasiz. Real hayotga qaytish esa xayolingizning bir uchiga ham kelmaydi. Tag`in hamma istaklaringizni qulflog`liq sandiqda saqlaysiz. Kimdir ulardan xabar topsa, sizni kalaka qiladigandek. Siz mo``jiza yuz beradi-yu, hammasi o`zgaradi, orzular ushaladi, deya xayol qilasiz. Biz bu hayot mo``jizalarga to`la ekanligini inkor etmaymiz, lekin ko`zlagan manzilga etish uchun amaliy harakatlar qilish kerakligi ham ayni haqiqat. Xayolparstligingiz, osmonlarda uchib yurishingiz tufayli ikmoniyatlaringiz chegaralangan. Qani, bir erga qo`nib oling-chi! Bo`lmasa, qora bulutlar hunar ko`rsatib, osmoningizda ahvol og`irlashadi. Bugundan, vaqtni boy bermasdan maqsadlaringiz va imkoniyatlaringizni ko`rib chiqing, puxta rejalar bilan ularni amalga oshirish uchun harakatni boshlang.

Shoira VAFOEVA tayyorladi.

Шарҳлар