my5
all

Urishiqsiz uy qayda?..

SUG'DIYONA 27.02.2018, 12:01
3830
Urishiqsiz uy qayda?..

O`zi doim shunday bo`ladi: yashaydigan, oila quradigan boshqalar-u, biron nizo chiqsa uning sababini aniqlashga tushadiganlar boshqalar – ota-onalar, qarindoshlar, olimlar, jamoatchilik bo`ladi. Bir donishmand hamma baxtlilar o`z baxti bilan bir-biriga o`xshaydi-yu, biroq baxtsizlarning har biri o`z holicha baxtsizdir degan ekan. Bu gapda haqiqat bordir. «Urishiqsiz uy qayda?» deydi dono xalqimiz. Olimlarimiz oilani, uyni urishiqlik qiluvchi, uning sohiblarini baxtsizlikka olib keluvchi sabablarni turkumlab ularni quyidagicha sharhlaydilar.

Olimlarning fikricha, oilaviy nizolarning kelib chiqishiga ayrim erlarning ishga mukkasidan ketishi, xotinining madaniy hordiq chiqarishiga, uy-ro`zg`or ishlariga, bola tarbiyasi va boshqalarga etarlicha e`tibor bermasligi sabab bo`larkan. Darhaqiqat, e`tibor berib ko`ring, ayrim erkaklar o`z uylarini bir yotoqxonaday tasavvur qiladilar.

Biz, ayollarning ko`pchiligimiz uchun esa uy, oila, turmush – tabiatan butun bir olam. Ishga borayotib ham oila haqida o`ylashimiz, uy-ro`zg`or tashvish-quvonchlari xayolimizdan nari ketmasligi ham rost-a? Tushlik vaqtidan foydalanib, to`rvamizni ro`zg`orimizda yo`q narsa bilan to`ldiramiz. Ishdan keyin bog`chaga yuguramiz. Yo`l-yo`lakay yana «kompyuter»ni ishga solamiz: uyda nima qancha bor, nima yo`q – tez hisoblab beradi, qanday ovqat tayyorlashimizni dasturiga kiritadi.

Biz ishda o`zimizni «mehmon»dek his qilamiz. Ayniqsa dushanba kunlari ayni ishda biroz halovat topamiz, «dam olamiz». Erlarimiz buning aksi – ular uyda o`zlarini xo`jayindek his etadilar. Divanga yonboshlab gazeta o`qiydilar, televizor ko`radilar. Madaniy dam olish deb shuni tushunadilar. Biz ishdan oilaga – uyimizga shoshilsak, erlarimiz oiladan ishga qochishadi. Nega urishiqli vaziyat tug`ilmasin? Ustiga-ustak, bizning bir og`iz shirin so`z gadosi bo`lib turganimizni sezmay, ishda hamkasb ayollar bilan og`izlaridan bol tomib gaplashishadi. Dam olish kunlarida bolalar tarbiyasiga, uy-ro`zg`or ishlariga bog`liq vazifalarini qo`lga olishlari-ku amalga oshmaydigan orzu bo`lib ko`rinadi. Jilla bo`lmasa, «ayol kishi qulog`i bilan sevadi», deganlaridek bizni vaqtida maqtov bilan siylab turishsa-ku, olam guliston! Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi, yomon so`z bilan pichoq qinidan, axir! «Ha, uy zindon, ko`cha xandon!» deysiz-da.

Oilaviy nizolarga «taxt talashuv» ham sabab ekan. Shunisi muhimki, bunday kurash bir-birlarini yaxshi bilgan, sevib-sevilgan yosh oilalarning ko`pchiligida mutlaq sezilmaydi. Ular bu masalani nikohgachayoq oshkora yoki xufiya hal qilgan bo`ladilar.

O`zbek oilalarining aksariyati sovchilar vositachiligida yuzaga kelishi sir emas. O`z jufti halolimizni ota-ona maslahati bilan tanlashimiz ma`lum. Bunday oilalarda dastavval muhabbat etakchi o`rin egallamasligi mumkin. Lekin o`sha muhabbat oilaviy hayot jarayonida yuzaga kelishiga ishonib, o`zaro hurmat va burch asosida shiringina oila bunyod etilgan hollar juda ko`p.

Er-xotinning yoshi orasidagi farqning kamayib borayotganligi ham ular munosabatlariga ta`sir qiladi. Ilgarilari xotinlar erlaridan o`rtacha 5-8 yosh kichik bo`lgan bo`lsa, hozirgi vaqtlarda bunday farq aksariyat 2-3 yoshdir. Ma`lumki, qizlar yigitlarga nisbatan ancha erta ulg`ayadilar. Agar er-xotinning yoshi o`rtasidagi farq juda kichik yoki tengdosh bo`lsalar, ayrim ayollar o`zlarini erlaridan aqlliroq qilib ko`rsatib, yashay boshlaydi. Bundaylar hech kimga tobe emasliklarini namoyish etish uchun ham bo`lar-bo`lmasga munozara-bahsga kirishadilar. O`zlarining haq ekanliklarini isbotlash uchun ayrim hollarda hatto ovozlarini ko`tarib, do`q urishgacha borib etadilar. Bu hol erlarning izzat-nafsiga qattiq tegadi. To`g`ri, oila bor ekan, er-xotinning adibadi aytishuvini, sen-menga borishini ham istisno qilib bo`lmaydi. Biroq «ayollarning kuchi ularning zaifligidadir» degan sinalgan hikmatga rioya etib asosan aksariyat holda dono ayollar bir gapdan qolib murosai-madora o`rnatib ketadilar.

Binobarin, «oila taxti uchun kurash» erga ham, xotinga ham foyda keltirmasligini, aksincha har bir janjal gullab turgan oila daraxtiga urilgan bolta kabi ekanini, bir kun janjal kirgan uydan qirq kun baraka qochishini yaxshi bilib olishlari kerak.

«Kosov uzun bo`lsa, qo`l kuymaydi» degan maqolni eslaganimizning boisi aksariyat oilaviy nizolar kelinlarning uy-ro`zg`or ishlarini bajarishga tayyor emasligi, uy bekaligini o`rniga qo`yolmasligi natijasida yuzaga keladi. Bugungi kunda, ayniqsa, shahar oilalarida ko`pgina ota-onalar o`z qizlarini ham aqliy, ham estetik, ham jismoniy jihatdan kamolotga etgan inson sifatida shakllantirishga harakat qiladilar. Qizlar maktabda ta`lim olish bilan birgalikda turli badiiy to`garaklarda, musiqa maktablarida shug`ullanadilar, turli sport seksiyalariga qatnaydilar. Ma`lumki, ota-onalar o`zlari yoshligida erisholmagan niyatlariga bolalari muyassar bo`lishini istaydilar. Bu, albatta, yaxshi. Lekin yaxshi beka bo`lish uchun bularning o`zi hali oz ekanda. «Eplikkina ekan», deyishadi uy-ro`zg`or ishlariga, bekalikka, o`zlari mustaqil oila yaratishga qobil bo`lgan kelinlar haqida. har qalay, ular qoqilmaydilar. Yangi uyda nizolarga ham o`rin qolmaydi.

Yangi turmushga chiqqan kelin onasi yoki qaynonasidek sifatli, lazzatli ovqat pishira olmasligi mumkin. Bunday ko`nikma mustaqil oilaviy hayot davomida shakllanadi. Lekin, har qanday kelinchakda uy-ro`zg`or ishlarini bajarishga, bekalik qila olishga ma`lum darajada tayyorgarlik bo`lishi zarur. Yosh beka ovqat qilishi, oshxonadagi faoliyatidan zavqlanishi, qoniqishi lozim. Agar kelinchak ongiga oldindan «oshxonayam gap bo`ptimi», qabilidagi tushuncha singdirilgan bo`lsa, u oilaviy hayotdan tez toliqadi. Oshxonada qancha o`ralashmasin, bari bir pazandalikni joyiga qo`ya olmaydi. Qizlar ota-ona uyidaligida ovqat qilish, dasturxon yozish, mehmon kutish, uyni toza tutish va shunga o`xshash qator ishlarni bajarishni qay darajada o`rgansa, kelajak hayotida o`zi ham o`shanday ro`zg`or tutadi. «qush uyasida ko`rganini qiladi», deb bejiz aytishmagan.

Ayrim erkaklar o`z juftlarining jinsiy, ruhiy, emosional holatini bilmasligi yoki hisobga olmasligi oqibatida ham oilaviy nizolar kelib chiqishi mumkin. Ayol kishilar o`rta hisobda 28-30 kunda oy ko`radi. Shu sababli ularning ruhiyati, emosional holati oy davomida o`zgaruvchan bo`ladi. Oy ko`rish davri tugagach, taxminan ikki-uch hafta o`tgandan so`ng ayol o`zini birmuncha lohas sezadi, tez jahli chiqadi, bo`lar-bo`lmasga xafa bo`laveradi. Oy ko`rish davrida esa o`zlarini bemordek his etishlari, ayrim ayollar esa to`rt-besh kun ko`rpa-to`shak qilib yotishlari ham mumkin. Ko`pgina erkaklar oy ko`rish oldi belgilarini, uning ayol ruhiyatiga, emosional holatiga ta`sirini bilmaydilar va buni tasavvur ham qilolmaydilar. Natijada o`z juftlarining gaplari, emosional holati ularga qo`polliqday, hurmatsizlikday, norozilikday tuyuladi. Oqibatda er-xotin o`rtasida nizo chiqadi.

Bolalarni tarbiyalashda er-xotin, ya`ni ota-ona bir fikrda bo`lishi, bir xil nuqtai nazarda turishi zarurligi hammaga ma`lum. Lekin hamma ham bu muhim qoidaga amal qilavermaydi. Ba`zi oilalarda ona bolasini ursa, jazolasa, ota bolani o`z himoyasiga oladi yoki aksincha. Ota-onalarning bunday «zaif» tomonlarini payqab olgan bola goh otadan, goh onadan himoya qidiradi. Natijada, bunday ota-onalarning tarbiyasi bolalar uchun ta`sir kuchini yo`qotadi. Bolada o`z xulq-atvori, xatolariga tanqidiy qarash shakllanmaydi. o`zini goh ota, goh ona tomonidan asossiz jazolangan hisoblaydi. Tarbiya borasidagi tortishuv ayrim er-xotinlar o`rtasidagi shaxsiy munosabatlarga salbiy ta`sir etadi, ular orasida ko`ngilsizliklarning kelib chiqishiga sabab bo`ladi. Bunda tarbiya ob`ekti bo`lmish bola chetda qolib, er-xotin bir-birlariga adabiyotlardan, ota-onalarining hayoti, o`z shaxsiy tajribalaridan misollar keltirib, o`zlarining haq ekanliklarini isbotlashga tushadilar. Ayrim ota yoki ona turli yo`llar bilan bolani o`ziga «yaqinroq qilib olishga», o`ziga nisbatan ortiqroq mehr uyg`otishga harakat qiladilar. Bu bilan qaytaga bola tarbiya-sini buzadilar.

Ba`zi oilalarda farzand tarbiyasi bilan ko`proq shug`ullangan ona bolada otaga nisbatan salbiy munosabatni shakllantiradi. Bunday oilalarda otaning obro`siga putur etadi. Bunday muhitda tarbiyalangan bolalar ulg`aygach, ota yoki onasiga qo`l ko`tarishgacha borib etishi mumkin. Aslida o`z ekkanlarini o`rgan ota-onalar, oqibatda «mana, sening tarbiyang natijasi», deya bir-birlariga ta`na qiladilar. Er-xotin o`rtasidagi nizo kuchaygandan kuchayadi.

Shu o`rinda er-xotin o`rtasidagi mojarolar, qo`ydi-chiqdilarning ko`pchiligi erkak va ayolning jins psixofiziologiyasini bilmasliklaridan, jinsiy savodsizlikdan kelib chiqishini eslatib o`tmoqchimiz.

Jinsiy jihatdan bir-biriga butunlay mos keladigan kishini topish nihoyatda mushkul. U shart ham emas. Eng muhimi, yaqin kishisining psixofiziologik holatini hisobga olish, juftining xohishi uchun har bir narsaga, shu jumladan, oralarida katta yosh tafovuti bo`lgan chog`da ham uning ehtiyojlarini qondirishga intilish lozim. Shu o`rinda jinsiy aloqaning me`yoridan ortiq bo`lishi juftlarning bir-birlaridan zada bo`lib qolishlariga, ular orasidagi muhabbat ehtiroslarining barvaqt so`nishiga olib kelishi mumkinligini eslatmoqchimiz.

Jinsiy hayotda er-xotinning asab sistemasi bo`yicha «zag`cha», «boyo`g`li», «aralash» toifalariga kirishi ham ular orasida turli janjallarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, er «boyo`g`li», xotin esa «zag`cha» tipiga kiradi, deylik. «Zag`cha» uchun erta yotish qulay. Chunki kechasi soat o`nlardan so`ng uning psixofiziologik tonusi keskin pasayadi va erta uxlab qoladi. Shu bilan birga «zag`cha» mijoz kishi erta uyg`onadi va ertalabki soatlarda aqliy, jismoniy ish qobiliyati maksimal darajada bo`ladi. «Boyo`g`li» guruhiga kiruvchilar esa buning butunlay teskarisi. Bir-birlarini tushunmaslik oqibatida kelib chiqadigan janjallar bunday er-xotinning hatto ajralib ketishlariga ham olib kelishi mumkin.

Oilaviy nizolarning ko`pi farzandsizlik tufaylidir. Yillar o`tib, bola ko`rmagan er-xotin farzandli, baxtiyor ota-onalarni ko`rganlarida ruhan eziladilar. Befarzand er-xotin orasida jinsiy aloqalar bolali oilaga nisbatan ko`proq bo`ladi. Bu esa bir-birlaridan to`yinishni tezlashtiradi. Ota-onalari, tanish-bilishlar bunday er-xotin orasiga sovuqchilik sola boshlaydilar. Oqibatda ular orasida turli kelishmovchiliklar kelib chiqishi mumkin. Bunday oilalarning istiqboli, avvalo er-xotin o`rtasidagi muhabbat darajasiga, sadoqatga, ularning madaniy saviyasiga, bolaga bo`lgan munosabatiga, hayotiy qadriyatlar mazmuniga bog`liqdir.

Manba: Xotin-qizlar ensiklopediyasi

Шарҳлар