my5
all

Totuvlik siri

Hidoyat sari 20.01.2018, 08:50
2108
Totuvlik siri

Bir shaharda ikki qo`shni yashar edi. Birining oilasidagilar hamma narsada bir-birlarini ayblar, hech kelisholmas, uylaridan baqir-chaqir ovozlari kelib turardi. Ikkinchi qo`shnining uyidan esa, hech qattiq ovoz eshitilmasdi. Bir kuni janjalkash qo`shnining bekasi eriga:

– Boring, nega ularning janjallashmasligi sababini bilib keling, – dedi.

Eri qo`shnisining uyiga kirib, bir burchakka berkindi, poylay boshladi. Uy bekasi idishlarni artayotgan edi. Birpasdan so`ng telefon jiringlab qoldi. Ayol qo`lidagi ko`zani stol chetiga qo`yib, telefonni oldi. U qaytgunicha eri boshqa xonadan chiqib, bexosdan haligi ko`zani erga tushirib yubordi. “Endi janjal bo`ladi”, deb o`yladi qo`shni berkingan joyida.

Ayol kelib, afsus bilan:

– Kechirasiz, xo`jayin. Men aybdorman, idishni stolning chetiga qo`yibman, – dedi.

– Yo`g`-e, nima deyapsan? – javob berdi er. – Men aybdor. Doim shoshib yuraman, e`tiborsizman.

Keyin qo`shib qo`ydi:

– Ha, mayli, sinsa-sinar, idish ekan-ku!..

Janjalkash qo`shni uyiga kelgan zahoti xotini savolga tutdi:

– Ha, buncha qolib ketdingiz? Nima ekan?

– Nima, nima? Hech nima. Ularning ikkalasi ham aybdor ekan. Bizda esa aybdor yo`q, hammamiz doim haq bo`lamiz...

Yoqub UMAR tayyorladi.

Шарҳлар