my5
all

HAYoT SIRI

Hidoyat sari 05.01.2018, 17:04
2485
HAYoT SIRI

Podshohning judayam aqlli va go`zal qizi to`satdan xastalanib qolibdi: oyoq-qo`li ishlamay, eshitish va ko`rish qobiliyati zaiflashibdi. Tabiblarning davolashga urinishlaridan natija bo`lmabdi.

Bir kuni saroyga nuroniy qariya tashrif buyurib, malika dardini davolash sirini bilishini aytibdi. Saroy ahli undan yordam berishini, malikani tuzatishini so`rashibdi. Shunda qariya bemorning qo`liga tol novdalaridan to`qilgan, usti mato bilan yopilgan savat tutqazib: “Savatni ol, undagi narsaga g`amxo`rlik qil, Xudo xohlasa, tuzalasan”, debdi.

Malika shoshib matoni ko`taribdi, savat ichidagi narsani ko`rib hayratdan qotib qolibdi: unda kasallikdan juda zaiflashgan, zo`rg`a nafas olayotgan chaqaloq bor ekan. Malikaning qalbida rahm-shafqat uyg`onibdi, tanasidagi og`riqni engib chaqaloqni qo`liga olibdi-da, asta-sekin tebrata boshlabdi.

Oylar o`taveribdi, malika bolaga parvona bo`libdi: uni ovqatlantiribdi, erkalab-suyibdi, o`ynatibdi. Bolaga mehri tushgach, dardlarini unutib, tunlari uxlamay uni parvarishlabdi.

Kun, oylar o`tibdi. Bola kulibdi, bir kuni yurib ketibdi. Quvonganidan uni dast ko`tarib olgan malika juda engil harakat qilar, unga hech qanday og`riq azob bermas ekan. Bola bilan o`tgan yillar mobaynida malika asta-sekin sog`ayib borgan ekan.

Hayotning qoidasi asli shu – birovga mehr berib, mehr topasan, baxt ulashib, saodatga erishasan!

Шарҳлар