my5
all

​YaXShILIK ZANJIRI (juda ibratli hikoya)

Hidoyat sari 07.12.2017, 09:52
2615
​YaXShILIK ZANJIRI (juda ibratli hikoya)

Abdurahim cho`l yo`lidan ketib borardi. To`satdan ko`zi yo`l chetidagi mashinaga tushdi. Unda bir qariya ayol o`tirar, atrofga chorasiz alanglardi. Yigit mashina yoniga kelib, eski ulovini to`xtatdi. Ayol qo`rqib ketdi, chunki shuncha vaqtdan buyon hech kim unga e`tibor bermagan, yordam qo`lini cho`zmagan edi. Bu odam biror yomonlikni ko`zlamaganmikan?

– Mening ismim Abdurahim, – deb o`zini tanishtirdi yigit. – Sizga yordam beraman, onaxon. Ungacha mening mashinamda o`tirib turing, ozroq isinib olasiz.

Yigit mashinaning u yoq-bu yog`ini tekshirgan bo`ldi. Yo`q, unaqa vahimali narsaning o`zi yo`q ekan. G`ildirak teshilibdi, xolos. Biroq qariya ayol buni qanday to`g`rilashni bilmay ancha azob chekkan ko`rinadi. Abdurahim cho`kkalab, mashina ostiga qaradi. Qulay joy topib, ko`tarmani qo`ydi. So`ng qo`llarini kuh-kuhlab isitgach, ishga kirishdi. G`ildirakni almashtirib bo`lgach, yuziga tabassum indi. Muammo hal bo`lganini ko`rgan ayol:

– Sizga necha pul berishim kerak? – deb so`radi, so`ng shosha-pisha qo`shib qo`ydi. – Tortinmay aytavering, qanchaligining ahamiyati yo`q. Abdurahim shunday javob berdi:

– Xijolat bo`lmang, hech narsaning keragi yo`q. Men bir yordamga muhtoj odamga ko`maklashdim, xolos. Mening o`zimga shu paytgacha qancha odam yordam qo`lini cho`zgan – birgina Xudoga ayon. Agar minnatdorchilik bildirishni judayam xohlayotgan bo`lsangiz, yordamga muhtoj biror odamga duch kelsangiz, unga yordam bering va meni eslang.

Ayol qayta-qayta rahmat aytdi va mashinasiga o`tirdi. Bir necha chaqirim yurgach, bir restoranga ko`zi tushdi. Yo`l oldidan biroz isinib, tamaddi qilib olish niyatida restoranga kirdi. Unga xizmat qilgan juvon juda istarali ekan. Kun bo`yi oyoqda tik turgan bo`lsa-da, tabassum bilan muomala qildi. Ishi ham, homiladorligi ham, kundalik tashvishlar ham undagi muloyimlikni yo`qota olmagani shundoq ko`rinib turardi. Ayol ovqatlanib bo`lgach, haqini ortig`i bilan to`ladi. Qaytim olib kelingunicha esa restoranni tark etdi. Uning ketib qolganini ko`rgan juvon hayron qoldi. Shu payt ko`zi stol ustidagi qog`ozga tushdi. Unda yozilganlarni o`qigan juvonning ko`zlari yoshlandi:

“Hayron ham, xijolat ham bo`lmang. Men shunchaki, yo`lusti kirgan edim. Bugun menga bir inson samimiy yordam qildi va men ham sizga beg`araz yordam qo`lini cho`zdim. Agar chindan ham menga minnatdorchilik bildirmoqchi bo`lsangiz, ushbu oqibat rishtasini uzib qo`ymang. Vaqti kelib biror muhtoj kishiga ko`mak bering”.

Juvon xatni o`qib bo`lgach, sochiq ostida bir dasta pul turganini ko`rdi. Yuragi to`lqinlanib, hayrat-hayajonga tushdi. Bu notanish ayol u va eri anchadan buyon pulga zoriqib yurganini qanday sezdi ekan-a? Juvon uyiga kelgach, eriga mamnunligidan yal-yal yonib boqdi va ichki bir ishonch bilan dedi:

– Hammasi yaxshi bo`ladi! Siz yaxshi odamsiz, Abdurahim aka!

Шарҳлар