my5

QURBON HAYITI ODOBLARI

Hidoyat sari 31.08.2017, 10:07
5929
QURBON HAYITI ODOBLARI

Qurbon hayiti – musulmonlarning shod-xurramlik, mehr-oqibat, xayr-saxovat ko`rsatish, bir-birlari bilan diydorlashuv bayramidir. Uni shariat talablariga muvofiq, yig`i-sig`isiz, xursandchilik bilan, xush kayfiyatda o`tkazish musulmonga yarashiqli va maqtalgan amallardandir. Qurbon hayiti kunida rioya qilinishi mustahab sanalgan va behad ajru savoblarga musharraf etadigan ishlar va odoblar bor. Quyida ularning ayrimlariga qisqacha to`xtalib o`tamiz.

1. Hayit namoziga chiqishdan oldin g`usl qilish, bisotidagi liboslarning eng yaxshisini kiyish va hushbo`ylanish lozim. Negaki, bu shunday ulug` bayram, shodiyonaki, u kunda musulmonlarning hay`atida ham bayramona kayfiyat ko`rinib turishi kerak. Boz ustiga, hayit namoziga ketayotgan odam, albatta, izdihomga ro`baro` bo`ladi. Shu bois ham undan hushbo`y hidlar taralib turishi maqsadga muvofiqdir. Yangi kiyimi bo`lmasa, liboslari ichidan eng yaxshisini tanlab, yuvib-dazmollangan holda kiyishi mustahabdir.

2. Qurbon hayiti kuni Ramazon hayiti kunidan farqli o`laroq, namozga hech qanday egulikdan totinmagan holda chiqiladi, namozdan qaytgach, so`ygan yoki o`ziga hadya etilgan qurbonlikning go`shtidan eyish mustahabdir. Abdulloh ibn Burayda otasidan rivoyat qiladi: «Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) Fitr kuni narsa emaguncha namozga chiqmas edilar, Azho kuni esa hayit namozini o`qib bo`lmaguncha narsa emas edilar» (Termiziy, Ibn Moja va Ibn Hibbon rivoyatlari).
Payg`ambar (sollallohu alayhi vasallam) Qurbon hayiti kuni namozdan oldin taom eyishdan tiyilishlarining hikmati haqida Mullo Ali Qoriy bunday deydi: «Buning sababi o`sha kunda birinchi eydigan narsasi o`z qurbonligining go`shtidan bo`lmog`i uchundir. Zero, Alloh taolo aytadi: «Bas, undan (ya`ni so`ygan qurbonligingizning go`shtidan) englar va bechora-kambag`allarga ham ediringlar!» Shu bois ham, Allohning amriga bo`ysinish yuzasidan u kuni eng birinchi eyiladigan narsa qurbonlik go`shti bo`ladi» («Mirqotul-mafotih»: 3/544).

3. Masjidga mumkin qadar ertaroq borish. Musulmon kishining yuzida xursandchilik alomatlari zohir bo`lib turishi, mumkin qadar ko`proq sadaqa va xayru ehsonlar qilmoqlik ham go`zal odoblardandir.

4. Hayit namoziga piyoda yurib borish hamda masjidga bir yo`ldan borgan bo`lsa, qaytishda boshqa yo`ldan piyoda qaytish ham mustahabdir. Chunki, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) shunday qilganlar. Buning hikmati borasida ulamolar turli xil fikrlarni bildirganlar. Jumladan, shuni aytish mumkinki, hayit namoziga piyoda borilsa, bayramona kayfiyat nafaqat odamlarning qalbida, balki hamma yoqda yaqqol namoyon bo`ladi. Bunda bayram nafasi hamda musulmonlarning muborak qadamlari va yaxshiliklaridan barcha ko`chalar, yo`llar ham bahramand bo`ladi. Ayrim ulamolarning qayd qilishlaricha, inson hayit namoziga bir yo`ldan borib, boshqa yo`ldan qaytsa, yurgan har bir yo`li hamda o`sha yo`llarga qo`yilgan har bir farishta ham qiyomat kunida uning foydasiga guvohlikka o`tar ekan.

5. Qurbon hayoiti kuni yor-birodarlar, xeshu aqrabolar bilan ko`rishganda ularni bayram bilan qutlab, «Hayitingiz muborak bo`lsin!» kabi tabrik so`zlarini aytish hamda ular bilan quchoqlashib ko`rishish ulug` kunning oblariga kiradi.

6. Hayitdan bir kun oldin bozorga tushib, oila a`zolari uchun sovg`alar xarid qilish va ularni hayit namozi o`qilgandan so`ng oilaning kattalaridan boshlab taqdim qilish, o`sha kuni namozdan keyin barcha oila a`zolari bilan avvaldan tuzalgan dasturxon atrofida jamlanish, bir-biriga nihoyatda chiroyli muomala qilish, ahli ayol bilan bola-chaqalarni bog`u xiyobonlarda aylantirish yoki dildan suhbatlashib, ko`ngil yozish mumkin bo`lgan joylarga olib borish va hokazolar naqadar ham maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, hayit kunida qarindosh-urug` va yoru birodarlarni ziyorat qilish ham chiroyli amallardandir.

Odilxon qori Yunusxon o`g`li

Шарҳлар